"Avaza"da BMT Konferensiyasi yakunlandi: O‘zbekiston iqlim kun tartibi va madaniy merosini taqdim etdi
2025-08-09 16:00:00 / Yangiliklar

Konferensiya doirasida O‘zbekiston o‘zining Milliy pavilyonini taqdim etdi. Unda madaniy meros, barqaror rivojlanish va mamlakatning zamonaviy kelajakka qarashlari uyg‘un tarzda mujassam etildi. Ekspozitsiya an’anaviy o‘zbek hovlisi shaklida bezatilib, milliy an'analar va mehmondo‘stlikni aks ettirdi. Bu yerda ishtirokchilar va mehmonlar mamlakatning madaniyati, hunarmandchiligi, gastronomiyasi va turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
O‘zbekiston pavilyoniga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Esvatini qiroli Msvati III va boshqa ko‘plab yuqori martabali mehmonlar tashrif buyurdi.
Konferensiya doirasida “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarga moslashish salohiyatini oshirish, barqarorlikni kuchaytirish” mavzusida yuqori darajadagi panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va barqaror rivojlanishni ta’minlash borasidagi milliy sa’y-harakatlar haqida ma’ruza qildi.
Alohida e’tibor turizmni rivojlantirish masalasiga qaratildi. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari “Turizm: dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy diversifikatsiya va inklyuzivlikni harakatlantiruvchi kuch” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etishdi. Sessiyada mamlakatning turizm sohasidagi yutuqlari — infratuzilmani rivojlantirish, madaniy merosni targ‘ib qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.
Shu tariqa, O‘zbekistonning "Avaza"da bo‘lib o‘tgan BMTning III Konferensiyasidagi ishtiroki nafaqat madaniy boyliklarni namoyish qilish, balki barqaror rivojlanishga qaratilgan muhim ekologik va iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surishga imkon yaratdi.








