CITES Konvensiyasi nima?
2025-08-07 10:00:00 / Yangiliklar

Konvensiyaning asosiy maqsadi — yovvoyi hayvonot va o‘simliklar bilan xalqaro savdo ularning tirik qolishiga tahdid solmasligini ta’minlash bo‘lib, bioxilma-xillikni muhofaza qilishda muhim rol o‘ynaydi. CITES yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarni haddan tashqari ekspluatatsiyadan himoya qiladi va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishga yordam beradi. Konvensiya talablariga rioya qilish noyob hayvonlar va o‘simliklar bilan noqonuniy savdoga chek qo‘yishga xizmat qiladi hamda 40 mingdan ortiq tur himoya ostiga olinadi.
Ma’lumot uchun, CITES’ga 184 ta davlat va Yevropa Ittifoqi a’zo bo‘lgan. Har bir a’zo davlat konvensiya qoidalariga amal qilish, muhofaza qilinayotgan turlarni eksport, import, qayta eksport va dengizdan olib kirishni nazoratga olish majburiyatiga ega. O‘zbekiston konvensiyaga 1997-yilda qo‘shilgan.
Konvensiyadagi barcha turlar uchta ilovaga bo‘lingan:
• I ilova: yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlar — ularning savdosi qat’iy cheklangan (masalan, qor qoploni, sayg‘oq, Amur yo‘lbarsi);
• II ilova: agar savdo nazorat qilinmasa, yo‘qolish xavfi tug‘iladigan turlar (masalan, Turkman qorako‘li, ba’zi kaktus va orxideya turlari);
• III ilova: ayrim mamlakatlar tomonidan himoya qilinadigan va xalqaro yordamga muhtoj turlar (a’zo davlat so‘roviga ko‘ra kiritiladi).
Konvensiyaning eng yuqori organi Tomonlar konferensiyasi (COP) bo‘lib, unda turlarga oid o‘zgarishlar, qarorlar va amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilinadi. Bu CITES’ning eng muhim tadbiri va har 2-3 yilda bir marta o‘tkaziladi. Konferensiyada barcha a’zo davlatlar vakillari, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va NNTlar ishtirok etadi.
2025-yil 24-noyabrdan 5-dekabrgacha tarixiy Samarqand shahrida CITES Tomonlar konferensiyasining 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bunday yirik tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning tabiatni muhofaza qilish borasidagi xalqaro nufuzini oshiradi, ilmiy va institutsional hamkorlikni kuchaytiradi, shuningdek, Markaziy Osiyoning noyob flora va faunasiga e’tiborni jalb etadi.
