“Tabiat bolalar nigohida” tanlovining mutloq g‘oliblari aniqlandi
2025-08-06 12:00:00 / Yangiliklar

Tanlov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 184-son qarori ijrosini ta’minlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida tabiat va atrof-muhitni asrab-avaylashni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Unda Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov va yakuniy bosqichga qadar yetib kelgan 28 nafar yosh iqtidor egalari ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun, joriy yilning iyun-iyul oylarida tanlovning saralash bosqichlari o‘tkazildi. Tanlovning maktabgacha taʼlim tashkiloti bosqichida 30 352 nafar tarbiyalanuvchilar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan qatnashishdi. Ularning
18 057 nafari o‘g‘il, 12 295 nafari esa qiz bolalardir. Tanlovning tuman (shahar) bosqichi 7375 nafar, viloyat bosqichi esa 416 nafar tarbiyalanuvchini qamrab oldi.
Tanlov davomida yosh ishtirokchilar tabiiy resurslarni asrash, suvni ifloslantirmaslik, atrof-muhitni toza saqlash, hayvonlar va qushlarga g‘amxo‘rlik qilish, ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan suratlar chizishdi. Yakunda quyidagi ishtirokchilar g‘olib deb topildi:
O‘g‘il bolalar o‘rtasida:
1-o‘rin — Mustafo Abdurahmonov (Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi 7-DMTT tarbiyalanuvchisi);
2-o‘rin — Ulug‘bek Akbarov (Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 31-DMTT tarbiyalanuvchisi)
3-o‘rin — Habibullo Madatov (Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 4-DMTT tarbiyalanuvchisi).
Qizlar o‘rtasida:
1-o‘rin — Aysanem Saparbayeva (Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahridagi 35-DMTT tarbiyalanuvchisi);
2-o‘rin — Zilola Sultonmurodova (Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi 2-DMTT tarbiyalanuvchisi)
3-o‘rin — Saodat Do'stmurodova (Buxoro viloyati Peshko‘ tumanidagi 19-DMTT tarbiyalanuvchisi).
Yakunda tanlov g‘oliblariga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.









