Rasmiy munosabat
2025-07-31 15:00:00 / Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2024-yilda Surxondaryo viloyatidagi ov qonunchilikda belgilangan tartibda, tegishli to‘lov evaziga ruxsatnoma asosida amalga oshirilganligini ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi hayvonlar soni Fanlar akademiyasi mutaxassislari tomonidan doimiy hisoblab boriladi va ularning xulosasiga asosan populyatsiyaga ta’sir qilmaydigan miqdorda ovlash uchun ruxsat beriladi. Buning uchun belgilangan tartibda to‘lov undiriladi.
Xususan, 2024-yilda morxo‘rlarni ovlash uchun o‘rnatilgan tartibda ruxsat berilgan va 100 000 AQSh dollari miqdorida to‘lov undirilgan. Bu mablag‘lar tabiatni muhofaza qilish, xususan, brakonyerlikka qarshi samarali kurash olib borishga yo‘naltirilgan.
Ta’kidlash joizki, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, har yili yovvoyi hayvonlarni tutish uchun kvota belgilanadi. Bunda yovvoyi hayvonlarning eng yoshi kattasi, nasl qoldirish davridan o‘tgan erkagini ovlashga ruxsat beriladi va jarayon qat’iy nazorat ostida amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, xorijiy davlatlarda ham aynan shunday tartib joriy qilingan. Xususan, Namibiyada o‘lja ovi yiliga 3 mln dollardan ko‘p foyda keltiradi. Bundan tashqari, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, har yili Tojikistonda 10–16 bosh morxo‘r, 100–115 bosh arhar, Mo‘g‘ulistonda esa 90–100 bosh arhar, 50–60 boshgacha xongul ovlashga ruxsatnomalar berilmoqda.
