Respublikada elektr toki bilan baliq ovlayotganlarga qarshi kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilmoqda
2025-07-31 12:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo tumani “Sholikor" SIU (suv iste'molchilari uyushmasi) hududida o‘tkazilgan reyd davomida Sirdaryo daryosining ushbu hududdan oqib o‘tuvchi qismida fuqarolar B.X. va N.A. tomonidan ta'qiqlangan ov quroli, ya’ni elektr qarmoq yordamida baliq ovlanganligi aniqlandi. Huquqbuzarlar turli xildagi jami 79 dona baliq hamda ov qurollarini o‘zlarining boshqaruvida bo‘lgan transport vositasiga ortib, Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan “Сhinoz baliq bozori”da sotmoqchi bo‘lishganida davlat inspektorlari tomonidan to‘xtatib qolindi.
Holat yuzasidan huquqbuzarlardan belgilangan tartibda tushuntirish xatlari olinib, tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Noqonuniy ovlangan baliqlar va ov qurollari holatga huquqiy baho berilgunga qadar, vaqtinchalik saqlash uchun olib qo‘yildi. Shuningdek, huquqbuzarlikda foydalanilgan transport vositasi O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 291-moddasi “v” bandiga asosan, belgilangan tartibda vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.
Noqonuniy baliq ovlash natijasida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 34, 35-moddalari talablari buzilgan. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-fevraldagi 80-son qaroriga asosan, 973 million 125 ming so‘mni tashkil etdi.
Hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Ma'lumot uchun, avvalroq Sirdaryoda noqonuniy baliq ovlash bilan bog‘liq bir nechta holat aniqlangan va hujjatlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan edi.
