Baxmal tumanidagi chiqindi poligoni to‘liq rekultivatsiya qilindi
2025-07-29 15:00:00 / Yangiliklar

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, ayniqsa, chiqindi muammolarini bartaraf etish eng dolzarb ekologik masalalardan biridir. Bu borada mamlakatimizda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.
Ma'lumot uchun, Baxmaldagi poligon 2,9 gektar hududni egallagan. Bu chiqindi poligoniga 1 kunda aholi, korxona va tashkilotlar faoliyatidan hosil bo‘lgan o‘rtacha 45-50 tonna, 1 oyda esa 1300-1350 tonna chiqindi joylashtirib kelingan. Shu kungacha poligonda jami 134 897,5 tonna qattiq maishiy chiqindi to‘planib qolgan edi.
Baxmaldagi rekultivatsiya ishlari qilish jarayonida 2,9 gektar maydondagi chiqindilar 55-60 sm qalinlikda tuproq bilan yopildi. Natijada insonlar salomatligi va atrof-muhit, ekologiyaga salbiy ta’sirga chek qo‘yilishiga erishildi. Shuningdek, chiqindilarning havoga ko‘tarilishi va yoqimsiz hid tarqalishi, yong‘inlar chiqishining oldini olish, chiqindixonalarni zamonaviy-sanitar poligonlarga aylantirish va ularning salbiy ta’siriga chek qo‘yishga xizmat qiladi.
Ayni kunda Baxmal tumani aholisidan chiqayotgan qattiq va maishiy chiqindilar Gʻallaorol tumanida joylashgan chiqindi poligoniga joylashtirilmoqda.







