Orolbo‘yida hayvonot va qushlar dunyosi ko‘paymoqda
2025-07-18 11:00:00 / Yangiliklar

Bog‘ hududida faoliyat yuritayotgan inspektorlar va ilmiy xodimlarning muntazam patrul nazorati, monitoring ishlari va profilaktik chora-tadbirlari yovvoyi hayvonlarning osoyishta yashashini ta’minlamoqda.
Ayniqsa, qish mavsumida yovvoyi hayvon va qushlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida turli biotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunga ozuqa stansiyalari o‘rnatish, sun’iy uya va panoh bo‘ladigan joylar barpo etish, suv manbalarini tozalash va qo‘shimcha oziqlantirish ishlarini misol qilib keltirish mumkin. Ushbu sa’y-harakatlar yovvoyi fauna vakillarining qattiq qishdan talafotsiz o‘tishini ta’minlab, ularning tabiiy ko‘payishiga zamin yaratmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar natijasida hozirgi kunda Orolbo‘yi milliy tabiat bog‘ida uchraydigan qushlar soni 116 turni, sut emizuvchilar 17 turni, sudralib yuruvchilar esa 15 turni tashkil etmoqda. Bu bog‘ hududining ekologik ahamiyati ortib, bioxilma-xillik tiklanayotganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Orolbo‘yi milliy tabiat bog‘i tabiiy boyliklarimizni asrab-avaylash, noyob va yo‘qolib borayotgan turlarni saqlab qolish borasida muhim maydonlardan biri bo‘lib, bu kabi ijobiy natijalar bog‘ xodimlari va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikning hamda zamonaviy yondashuvlarning mahsuli hisoblanadi.









