Ikki bosh morxo‘rni noqonuniy ovlagan huquqbuzarlar ushlandi
2025-07-14 16:00:00 / Yangiliklar

Reyd davomida uch nafar huquqbuzar — X.Sh., Sh.J. va V.M. tomonidan qo‘riqxonaning "Xatak" bo‘limida O‘zbekiston Qizil kitobi va TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan ikki bosh morxo‘r (burama shoxli echki) noqonuniy ovlanganligi ma’lum bo’ldi. Huquqbuzarlar voqea joyida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Noqonuniy ov natijasida, "Yovvoyi hayvonlarni ularning qismlarini, shuningdek, yashash faoliyati mahsulotlarini olib kirish va chetga olib chiqish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 14-ilovasiga asoslanib tabiatga jami 1 milliard 500 million so‘m zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi. Huquqbuzarlik qo‘riqxona hududida sodir etilganligi uchun zarar miqdori 3 baravarga oshirildi va 4 milliard 500 million so‘mni tashkil qildi.
Holat yuzasidan to’plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi. Hozirda holat bo‘yicha tergovgacha bo‘lgan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Muhim! Respublikamizdagi barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda noqonuniy ov bilan shug‘ullanish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu kabi holatlarning oldini olish va bartaraf etish uchun esa reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
