130 nafardan ortiq kishi yerlarni tiklash va tabiatni asrash bo‘yicha o‘qitildi
2025-07-08 16:00:00 / Yangiliklar

Treninglar “Oziq-ovqat tizimlarining yer resurslaridan foydalanish va ularni tiklashga ta’sirini baholash” (GCP/UZB/010/GFF) loyihasi doirasida o‘tkazildi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ekspertlari ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Treninglarning asosiy maqsadi — mahalliy aholi va qo‘riqxona mutaxassislarining salohiyatini oshirish, barqaror tabiatdan foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash va yerlarning degradatsiyasini oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar interaktiv shaklda o‘tkazilib, keng qamrovli mavzularni qamrab oldi: atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda daromad topish yo‘llari, qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, eroziyaga uchragan tuproqlarni tiklash, tabiiy ekotizimlarni himoya qilish, inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi mojarolarni kamaytirish, gender tengligi masalalari, tabiiy yechimlar (NbS) qo‘llanilishi va ekotizimlarni tiklash salohiyatini baholash (ROAM) metodikalari.
Treninglarda bog‘dorchilikning istiqbolli yo‘nalishlari va qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya qilishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Umumiy hisobda treninglarda 130 nafardan ortiq ishtirokchi — inspektorlar va mahalliy hamjamiyat vakillari qatnashdi. Tadbir davomida ularga yerlarni degradatsiya darajasiga qarab tiklash, ekologik va antropogen muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday treninglar qo‘riqxona hududlaridagi aholi bilan samarali hamkorlikni mustahkamlash, ularning farovonlik darajasini oshirish hamda inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kamaytirishga xizmat qiladi.








