Rasmiy munosabat!
2025-07-07 11:00:00 / Yangiliklar

Holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda manfaatdor idoralar mutasaddilari ishtirokida joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganish natijasida Bo‘stonliq tumani, Navobod MFY hududida joylashgan Chorvoq suv omborining (umumiy hajmi – 2006.0 mln.m³) “tomosha qilish maydonchasi”dan ko‘rinib turgan d-600 mmli cho’yan quvurdan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligining sug‘orish maqsadida ishlatadigan suvlari oqayotganligi hamda uning yonida ichida elektr kabellari o‘tgan polipropilen quvurlar (d-76 mm va d-100 mm) ekani aniqlandi.
O‘rganishga viloyat ekologiya boshqarmasining hamda tuman JS va EOMning laboratoriyalari jalb qilinib, d-600 mm bo‘lgan quvurdan oqayotgan suvlardan tahlil namunalari olindi. Dastlabki suv namunalari asosida olingan kimyoviy tahlillar natijasida suv tarkibida ifloslantiruvchi moddalar aniqlanmadi. Olingan suv namunalari San’QvaM 0083-24 talablariga mos kelishi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu hududda markazlashgan oqova suvlarni qabul qilib olish uchun “Chimgan Chorbog‘ magistral suv tarmog‘i” AJga qarashli d-800 mm bo‘lgan “Baqachol” oqova suv kollektor mavjud bo‘lib, ushbu kollektor Chirchiq oqova suv tozalash inshootiga borib quyiladi. Chorvoq suv ombori atrofidagi 550 nafar I-guruh (aholi) iste’molchilari hamda 4 nafar II-guruh (budjet) va 38 nafar III-guruh (budjetdan tashqari yuridik shaxslar) iste’molchilarining oqova suvlari mazkur oqova suv tarmog‘iga shartnoma asosida tashlab kelinadi.
Suv ombori sathi perimetr bo‘ylab chiqilganda, suv omboriga oqova suvlar oqizilmayotganligi, shuningdek, suv omboriga quyiladigan barcha suv yo‘llariga oqova suvlar tashlanish holati aniqlanmadi.
Suv omboridagi gidrotexnika inshootlari xavfsizligiga va texnik holatiga ta’sir etuvchi omillar mavjud emas. Ya’ni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Chorvoq suv omboriga oqova suvlar quyilayotgani to‘g‘risidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmadi.
