Yil oxirigacha bir million daraxtni raqamlashtirish rejalashtirilmoqda
2025-06-26 14:00:00 / Yangiliklar

Ekologiya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi mutaxassislari tomonidan o‘quv kurslari, amaliy ishlar, uskunalarni “dala” sharoitida sinovdan o‘tkazish jarayonlaridan so‘ng shaharning yashil maydonlari haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron ma’lumotlar bazasi yaratilmoqda.
Mazkur raqamli reyestr daraxtlarni tizimli hisobga olish, ularni qurilish va yer resurslari bilan bog‘liq davlat axborot tizimlariga integratsiya qilish, shuningdek, ularning muhofazasini kuchaytirish va noqonuniy kesish holatlarining oldini olish imkonini beradi.
Jarayon davomida sun’iy intellekt, GPS uskunalari, fotofiksatsiya va yashil maydonlarni asboblar yordamida o‘lchashni o‘z ichiga olgan zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi. Daraxtlar dendrologlar tomonidan raqamlashtirilib, tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng reyestrda ularning aniq soni, turi, yoshi, holati va boshqa muhim xususiyatlarini bilib olish mumkin bo‘ladi.
Joriy yil yakuniga qadar green.tashkent.uz platformasida kamida bir million daraxtni raqamli reyestrga kiritish rejalashtirilgan.




