Toshkentda Markaziy Osiyodagi sutemizuvchilarni saqlab qolish tashabbusi doirasida uchinchi mintaqaviy uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda
2025-06-25 15:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda asosiy e’tibor mintaqadagi noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan sutemizuvchilarni muhofaza qilish borasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, iqlim xavflariga chidamlilikni oshirish hamda tabiatni muhofaza qilish choralarining muvofiqligini kuchaytirishga qaratilgan. CAMI ishchi dasturining (2020–2026) ijrosi bo‘yicha natijalar muhokama qilinib, yaqin yillar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilanmoqda, davlatlar va hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari yangilanmoqda.
“Orolbo‘yi mintaqasida bioxilma-xillikni saqlashda sutemizuvchilarni muhofaza qilish juda muhim. Shu sababli, biz ushbu uch kunlik uchrashuv davomida 15 davlatdan kelgan delegatlar bilan tajriba almashishni maqsad qilganmiz. O‘zbekiston mazkur sohada xalqaro hamjamiyatga o‘z taklif va tashabbuslarini taqdim etmoqda”, — dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi Alisher Salomov.
Uchrashuvda Hindiston, Mo‘g‘uliston, Nepal, Pokiston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va boshqa davlatlardan jami 12 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, CMS Kotibiyati, IUCN, UNDP kabi 20 dan ortiq xalqaro tashkilotlar va muassasalar ham o‘z delegatlarini yuborgan.
Muhokama qilinayotgan asosiy mavzular orasida — CMSning 15-Tomonlar Konferensiyasi arafasida 11.24-sonli Rezolyutsiyani (Rev.COP13) yangilash, Germaniyadagi Vilm orolida o‘tkazilgan texnik seminar natijasida ishlab chiqilgan CAMI ishchi dasturining yangilangan loyihasini kelishish, shuningdek, CAMI bo‘yicha turli tur vakillari va raislik qiluvchi davlatlarning vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish masalalari bor.
“Bugungi kunda sutemizuvchilar uchun ikki asosiy tahdid mavjud. Birinchisi — to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekspluatatsiya, masalan, noqonuniy ov va brakonerlik. Ikkinchisi — yashash muhitining parchalanishi, bu yo‘llar va temir yo‘llar qurilishi natijasida tabiiy areallar bo‘linib ketayotganiga bog‘liq”, — dedi CMS Kotibiyatining quruqlikdagi turlar bo‘limi rahbari Klara Nobbe.
Ma’lumot uchun, CAMI tashabbusi 2014-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasining noyob faunasini saqlab qolishga qaratilgan hamkorlik maydonidir. Tashabbus 14 davlat hududini qamrab oladi va gepard, Buxoro bug‘usi, Prjevalski oti, qulon, jayron, arxar, qor qoploni, sayg‘oq va boshqa turlarni muhofaza qilishga qaratilgan. CAMI — brakonyerlik, yashash joylarining degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda ilmiy, ekspert va institutsional sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qiluvchi muhim mexanizmdir.
Mazkur uchrashuvning Toshkentda o‘tkazilishi yana bir bor O‘zbekistonning xalqaro ekologik kun tartibidagi o‘sib borayotgan rolini, shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash borasida barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi.
