17-iyun – Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni
2025-06-17 09:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston — cho‘llanish xavfiga eng ko‘p duchor bo‘lgan davlatlardan biridir. Mamlakat hududining qariyb 70 foizi, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orolbo‘yi hududlari cho‘llanish xavfi ostida. Haroratning oshishi, yog‘ingarchilikning kamayishi va chang bo‘ronlarining tez-tez yuz berishi tuproq degradatsiyasini tezlashtirib, ekologik muvozanatni buzmoqda.
O‘zbekiston 1995-yildan boshlab BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasi tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, qurib qolgan Orol dengizi tubida saksovul ekish, “yashil belbog‘”lar barpo etish va tuproqni raqamli monitoring qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
2024-yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan COP16 anjumanida O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan Samarqand deklaratsiyasi xalqaro qo‘llab-quvvatlovga sazovor bo‘ldi.
Cho‘llanish — barqaror rivojlanishga jiddiy tahdiddir. Yer degradatsiyasiga qarshi kurashish oziq-ovqat xavfsizligi, qashshoqlikni kamaytirish va aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi.
