“Eko Ritm” xalqaro festivalida ishtirok eting!
2025-06-04 11:00:00 / Yangiliklar

Festivalda sizni eko-kvestlar, master-klasslar, eko brendlar yarmarkasi, chiqindilarni qayta ishlash dunyosi, "eko-do‘kon": kiyim, kitob, o‘yinchoq almashinuvi, eko-loyihalar ko‘rgazmasi, sport chiqishlari, harbiy orkestr, mushuk va itlarga mehr ko‘rsatish, eng yaxshi san’atkorlar ishtirokidagi konsert tadbirlari kutmoqda.
Konsertga kirish uchun ikkinchi hayot bag‘ishlaydigan biror buyum: bo‘sh baklashkalar, yaxshi holatdagi kiyim, o‘yinchoqlar, kitoblar, ishlatilgan eski batareykalar yoki siz ikkinchi hayot bermoqchi bo‘lgan har qanday narsadan "chipta" o‘rnida foydalana olasiz. Bu orqali keraksiz narsalarni chiqindiga aylantirgandan ko‘ra, ularni qayta ishlab, foydalanish mumkin ekanligini targ‘ib qilgan bo‘lasiz. Shuningdek, daraxt ko‘chatlari ekishni ko‘paytirish maqsadida xayriya qilishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun, aksariyat chiqindilar uzoq vaqt chirimaydi. Xususan, shisha idishlar 1 mln yil, batareykalar 100 yil, charm poyabzal 25-40 yil chirimasdan, tabiatga zarar yetkazadi. Ularni qayta ishlab, yangi hayot bag‘ishlash esa atrof-muhitni ifloslanishdan asrashga xizmat qiladi.
Qadrli yurtdoshlar! Barchangizni “Eko Ritm” xalqaro festivaliga taklif qilamiz. Ekologik mas’uliyatni oshirish hamda ekomadaniyatni targ‘ib qilishga befarq bo‘lmang! Keling, birgalikda “yashil chiroq”ni yoqaylik!
