O‘rmonzorlarni kengaytirish va samarali foydalanishning asosiy chora-tadbirlari belgilandi
2025-06-03 12:30:00 / Yangiliklar

Unga ko‘ra, o‘rmon fondi resurslaridan samarali foydalanish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:
— 2030-yilgacha 1,5 mln gektarda o‘rmonlar barpo etish, ularni qayta tiklash hamda 3,8 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish;
— 2030-yilgacha 9,2 ming tonna daraxt va butalar urug‘larini tayyorlash hamda 919 mln dona nihol va ko‘chatlar yetishtirish;
— 2030-yilgacha 47,7 ming gektar o‘rmon fondi yerlarini o‘zlashtirish, 18,7 ming gektarda himoya o‘rmonzorlarini barpo etish hamda yiliga 31 ming tonna qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish;
— 2025–2026-yillarda tog‘va tog‘oldi hududlaridagi 500 gektarda "terrasa" usulida daraxt va buta ko‘chatlari ekish.
Shuningdek, O‘rmon agentligi huzuridagi "O‘rmontexnoservis" davlat unitar korxonasi negizida "O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi" davlat muassasasi tashkil etiladi. Markaz "Aqlli o‘rmon xo‘jaligi" (Smart forestry) axborot platformasining yagona operatori hisoblanadi. Bu platformadan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
— o‘rmon resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, ularning holatini real vaqt rejimida monitoring qilish;
— o‘rmon xo‘jaligi sohasi faoliyatini zamonaviy texnologiyalar, sun'iy intellekt va integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali samarali boshqarishni ta'minlash.
Qolaversa, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligining Mirzacho‘l o‘rmon bo‘limi cho‘llanishga qarshi kurashish va himoya o‘rmonzorlari barpo etishga ixtisoslashtiriladi, Saksonota davlat o‘rmon xo‘jaligi dorivor, ziravor, rezavor o‘simliklar hamda buta ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Ixtisoslashtiriladigan davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ilm-fan-loyiha-amaliyot zanjirida ish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, O‘rmon agentligining taklifiga ko‘ra davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ekologik mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi va xizmatlar turini kengaytirish uchun:
— Andijon, Namangan va Samarqand davlat o‘rmon xo‘jaliklarida yog‘och materiallari qoldiqlaridan pillet bioyoqilg‘isi ishlab chiqariladi;
— Qo‘qon va Andijon davlat o‘rmon xo‘jaliklarida yog‘och materiallari qoldig‘idan suvenir mahsulotlar tayyorlanadi;
— Bo‘stonliq, Kosonsoy, Kitob davlat o‘rmon xo‘jaliklarida asal ishlab chiqariladi va qadoqlanadi;
— Pop, Yakkabog‘, Baxmal, Hisor, Shahrisabz, Urgut, G‘allaorol, Qorako‘l, Quyi Chirchiq davlat o‘rmon xo‘jaliklarida dorivor va rezavor o‘simliklar yetishtiriladi;
— Bobotog‘, G‘allaorol, Saroyqo‘rg‘on, Kattaqo‘rg‘on, Qamashi, Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaliklarida pista va bodom yetishtiriladi;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Buxoro viloyatlari hududidagi davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ov va ekoturizmni rivojlantirish uchun noyob hayvonlar (qirg‘ovul, tuvaloq va boshqalar) pitomniklari tashkil etiladi;
— Ohangaron, Saksonota, Urgut, Burchmulla, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Boysun, Uzun, Andijon davlat o‘rmon xo‘jaliklarida ekoturizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, yog‘ochni qayta ishlash uchun xomashyo zaxirasini yaratish maqsadida Andijon, Jomboy, Namangan, Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaliklarida terak, pavloniya, shumtol, Uzun, Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaliklarida chinor, Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligida qayrag‘och, tut, jiyda va aylant, Kitob, Baxmal, Boysun davlat o‘rmon xo‘jaliklarida esa sanoat va mebelbop daraxt turlaridan plantatsiyalar tashkil etiladi.
Mazkur qaror o‘rmon resurslaridan samarali foydalanish, o‘rmonzorlarni kengaytirish va o‘rmon plantatsiyalarini barpo etish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish choralarini takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi "Yashil makon" umummillliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirishga xizmat qiladi.
