Bo‘stonliq tumanida yoshlar ekologik oromgohi o‘z ishini boshladi
2025-05-27 10:00:00 / Yangiliklar

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda. Unda yurtimizning har bir hududidan 15 nafardan mahallalarning yoshlar yetakchilari, “Yosh ekologlar” harakati Kengashlari a’zolari, volontyorlar, ekofaollar hamda “Ekologiya bilimdonlari” tanlovi g‘oliblari ishtirok etmoqda.
Ochilish marosimida nutq so‘zlagan Ekologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva atrof-muhitni muhofaza qilishda yoshlarning o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdi.
“Bugungi kunda yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ekologiya sohasida ham Siz yoshlarning o‘rningiz muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biz kelajak avlodga sog‘lom tabiatni meros qilib qoldirishimiz lozim, buning uchun esa yoshlar eng katta kuch hisoblanadi. “Ekologik oromgoh” sizlarning ekologik muammolarga samarali yechim izlash borasidagi tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlash, bu borada o‘zaro fikr va tajriba almashish hamda iqtidoringizni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi”, – dedi Zarrina Abdullayeva.
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Bobojonov ham yoshlarning faolligi, intiluvchanligi, tirishqoqligini alohida e’tirof etib, oromgoh tadbirlarida ularga omad tiladi.
Ochilish marosimida har bir viloyat jamoalari atrof-muhitni asrash, tabiatga g‘amxo’rlik qilishga qaratilgan, milliylik aks etgan ko‘rgazmali chiqishlarini taqdim etishdi.
Ma’lumot uchun, oromgohda Ishtirokchilarni ekologik muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar mashg‘ulotlari, intellektual o‘yinlar, ommaviy sport va plogging musobaqalari, ekologik loyihalar, “Ekologiya bilimdonlari” va boshqa tanlovlar, madaniy-koʻngilochar tadbirlar, taniqli insonlar bilan uchrashuvlar va tarixiy obidalarga sayohatlar kutmoqda.
Yakunda faol ishtirok etgan guruhlar va hudud jamoalari vakillari diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, eko-oromgoh ishtirokchilarining har biriga maxsus sertifikatlar topshiriladi.









