Yana bir noyob kadr — ulug‘vor qor qoploni fotoqopqonda
2025-05-20 12:00:00 / Yangiliklar

Qor qoploni yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxati, Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi (CITES ) va Bioxilmaxillikni saqlash Konvensiyalariga kiritilgan. Yer yuzida 2700-3400 bosh qor qoploni saqlanib qolganligi taxmin qilinmoqda. Shundan 57-59 bosh qoplon "Hisor" davlat qo‘riqxonasida yashaydi.
Ilvirs oqshomda faol, kunduzi g‘orlarga, qoyalar orasiga berkinib yotadi. 2 yilda bir marta, asosan, iyun oyida bolalaydi. Tog‘ bo‘ylab yovvoyi tuyoqlilar ortidan yuqoriga va pastga mavsumiy ko‘chib yuradi. 21 yilgacha umr ko‘radi.
Ma'lumot uchun, “Hisor” davlat qo‘riqxonasi 1983-yilda tashkil etilgan. Qo‘riqxona Qashqadaryo viloyatidagi Hisor tog‘ tizmasining janubiy qismida, dengiz sathidan 1750 metrdan 4349 metrgacha balandlikda joylashgan. Janubi-sharq tomondan Surxondaryo viloyati, shimol tomondan Tojikiston bilan chegaradosh. Qo‘riqxona hududida umurtqasiz (hasharotlar) va umurtqali hayvonlarning 276 turi uchrashi aniqlangan. Ulardan 8 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.


