ESG nima va u ekologiya uchun qanday ahamiyatga ega?
2025-05-19 14:00:00 / Yangiliklar

ESG tamoyillariga amal qiladigan kompaniyalar tabiatga yetkaziladigan zararlarni kamaytirish, xodimlar va mijozlarga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatini oladi hamda shaffof va halol ishlaydi.
ESG tushunchasidan ilk bor 2004-yilda BMTning “Who Cares Wins” ("Kim g‘amxo‘r bo‘lsa, g‘alaba qozonadi") nomli hisobotida foydalanilgan. Shundan so‘ng butun dunyo biznes nafaqat daromad olish, balki ekologik va ijtimoiy muammolarni hal qilishga ham yordam berishi kerakligini anglab yetdi.
Ta'kidlash joizki, butun dunyoda S&P 500 ro‘yxatidagi kompaniyalarning 90 foizdan ortig‘i ESG hisobotlarini e’lon qiladi.
S&P 500 — bu AQShning eng yirik 500 ta kompaniyasi ro‘yxati bo‘lib, ularning ayrimlari: "Apple", "Microsoft", "Amazon", "Tesla" kabilar dunyo bozorida yo‘nalish beruvchi kuch hisoblanadi. ESG esa allaqachon ular uchun me’yorga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi 16-sonli “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida mamlakatimizning 2030-yilga qadar “yashil” iqtisodiyotga o‘tishi belgilab berilgan. ESG esa bu borada asosiy vosita hisoblanadi.
ESG — tabiatga g‘amxo‘rlik qilgan holda barqaror, ishonchli va uzoq muddatli foyda ko‘rishdir. U faqatgina yirik korporatsiyalar uchun emas, bu tamoyillarni hatto kichik biznes ishtirokchilari ham oddiy qadamlardan boshlashi mumkin.
