Orol dengizi tubida yuqori darajadagi sho‘rlanishga chidamli o‘simlik sinovdan o‘tkazildi
2025-05-15 16:00:00 / Yangiliklar

Loyihaning asosiy maqsadi sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan sharoitlarga eng chidamli va dengiz tubidagi ekstremal sharoitlarga moslasha oladigan o‘simlik turlarini aniqlashdan iborat.
Yuqori yashovchanlik ko‘rsatgan istiqbolli o‘simlik turlaridan biri bu Arundo donax bo‘ldi — bu gigant qamish turi bo‘lib, tabiatan nam muhitni xush ko‘rsa-da, sho‘rlangan sharoitlarga ham yuqori darajada moslasha olishi bilan tanilgan. Dala tadqiqotlari davomida o‘tkazilgan tuproq qazish ishlari natijasida sinov hududida yer osti suvlari taxminan 2 metr chuqurlikda joylashgani aniqlandi. E’tiborlisi shundaki, Arundo donax ildizlari allaqachon birinchi yilning o‘zida shu chuqurlikka yetib boradi, bu esa o‘simlikka yer osti suvlaridan samarali foydalanib, o‘sishni davom ettirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash imkonini beradi.
"Arundo donax sho‘rlangan sharoitlarda yashab qolish darajasini oshirish uchun tadqiqotchilar guruhi tomonidan noyob texnologiya ishlab chiqildi. Bu uslubning mohiyati — ona o‘simlikdan kamida bir metr chuqurlikdan olingan ildiz kurtaklari orqali ko‘chat ekishda. Bunday kurtaklar sho‘rlanish darajasi Orolning qurigan tubiga o‘xshash hududlardan — Urganch va Qoraqalpog‘istondan olib kelindi. Natijalar kutilganidan ham yuqori bo‘ldi: o‘simliklarning yashab qolish darajasi 90 foizdan kam emas", — deya ta’kidladi Z. Novitskiy.
Olimning so‘zlariga ko‘ra, o‘simliklarni muhitga moslashtirish bo‘yicha aynan shunday yondashuv kelajakda ham qo‘llaniladi. Arundo donax ildiz tizimi nafaqat chuqurlik bo‘yicha (birinchi yilning o‘zida 1 metr va undan ortiq) o‘sishni namoyon etadi, balki gorizontal yo‘nalishda ham keng tarqaladi — 2 metrgacha. Bu esa tuproqning barqarorligini ta’minlashga va uning yanada degradatsiyaga uchrashining oldini olishga xizmat qiladi.
O‘tkazilgan sinovlar Orol dengizining qurigan tubini biologik yo‘l bilan tiklash borasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ushbu uslub keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish, chang bo‘ronlariga qarshi kurashish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va ekologik tanazzul sharoitida butun mintaqaning ekotizimini tiklash uchun muhim asos bo‘lishi mumkin.