O‘zbekiston iqlim bo‘yicha yechimlarda ayollar va jamoatchilik ishtirokini kengaytirmoqda
2025-05-13 13:00:00 / Yangiliklar

Tadbir O‘zbekistonning yangilangan Milliy Aniq hissasi (NDC 3.0) – mamlakatning issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha majburiyatlarini aks ettiruvchi asosiy hujjatni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Iqlim va’dasi — 2-bosqich” loyihasining bir qismi bo‘ldi.
Maslahatlashuvda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, xotin-qizlar va atrof-muhitni muhofaza qilish nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi. Bu haqiqatan ham inklyuziv iqlim kun tartibini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan turli nuqtayi nazarlarning keng qamrovli muhokamasini ta’minladi.
"Milliy Aniq hissa (NDC 3.0)ni ishlab chiqish — bu shunchaki texnik jarayon emas, balki jamiyatning barcha qatlamlari fikr va ehtiyojlarini inobatga olish imkoniyatidir. Inklyuzivlik esa nafaqat adolat, balki barqaror rivojlanish kafolati hisoblanadi", — dedi Ekologiya vazirligi vakili Sayyora Abdullayeva..
Ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va qishloq jamoalari ko‘pincha iqlim tahdidlariga nisbatan eng zaif qatlamlar hisoblanadi. Biroq, O‘zbekistonning iqlimiy majburiyatlarini amalga oshirish bo‘yicha olib borilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki: mavjud siyosatda gender tengligi va ijtimoiy inklyuzivlik hali ham yetarli darajada o‘z ifodasini topmagan. Mazkur maslahatlashuv ushbu guruhlarning manfaatlarini iqlim strategiyalariga integratsiya qiluvchi tizimli yondashuv zarurligini ta’kidladi.
"Iqlim o‘zgarishi — bu endi har bir insonning ishi, — dedi BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) eksperti Rano Bayxanova. — Issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, qishloq xo‘jaligini moslashtirish, biologik xilma-xillikni saqlash — bularning barchasi ayollar va zaif guruhlar ishtirokisiz chinakam samarali bo‘la olmaydi".
Muvozanatli iqlim siyosatini yuritish uchun asosiy masalalardan biri genderga sezgir indikatorlarni ishlab chiqish bo‘ldi. Bu indikatorlar iqlim harakatlarida tengsizlikni kamaytirish borasidagi yutuqlarni monitoring qilish imkonini beradi. Gender masalalari bo‘yicha mutaxassis Kamola Aliyeva ta’kidlaganidek, ayollar qaror qabul qilishning barcha bosqichlarida ishtirok etmas ekan, adolatli iqlim siyosatini yaratish imkonsiz.
Maslahatlashuv davomida ilgari surilgan takliflar yig‘ilib, umumlashtiriladi va ularni NDC 3.0 loyihasiga kiritish rejalashtirilgan. Mazkur hujjat O‘zbekistonning joriy yil noyabr oyida Braziliyada bo‘lib o‘tadigan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP30)dagi chiqishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 1993-yildan buyon BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasiga a’zo hisoblanadi. 2018-yilda Parij kelishuvini ratifikatsiya qilganidan so‘ng, mamlakat o‘z iqlim majburiyatlarini bosqichma-bosqich kuchaytirib bormoqda. NDCning yangi versiyasi nafaqat chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha yuksak maqsadlarni, balki ushbu jarayonga butun jamiyatni jalb etish, barqaror va inklyuziv kelajakni ta’minlash borasidagi qat’iyatni ham aks ettiradi.








