Zarafshon milliy tabiat bog‘ining betakror faunasi
2025-05-07 11:00:00 / Yangiliklar

Sanoq davomida milliy bog‘ hududida 150 bosh Buxoro bug‘usi, 735 bosh Zarafshon qirg‘ovullari qayd etildi. Shuningdek, qoraboshli sirchumchuq, gov kaptar, to‘qay bulbuli, chernish, tosh qirg‘iy va boshqa jami 36 turdagi qushlar ham qayd etildi.
Ma'lumot uchun, Buxoro bug‘usi yo‘q bo‘lib ketayotgan, lokal tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, CITESning II Ilovasiga kiritilgan. Shuningdek, transchegaraviy ko‘chib yuruvchi tur sifatida Bonn Konvensiyasidan ham joy olgan. 2002-yilda turni saqlab qolish bo‘yicha davlatlararo miqyosda dastur va Reja tasdiqlangan.
Zarafshon qirg‘ovuli ham zaifga yaqin, o‘troq Zarafshon kenja turi sifatida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Zarafshon daryosi va Qashqadaryo vohasi: Samarqand, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tarqalgan.
Ma'lumotlar Zarafshon milliy tabiat bog‘i tomonidan taqdim etildi.
Suratlar muallifi: Natalya Marmazinskaya






