Ugom-Chotqolda noqonuniy bulbul oviga chek qo‘yildi
2025-05-05 14:00:00 / Yangiliklar

Ekologiya vazirligi davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamentining ma'lum qilishicha, reyd davomida Toshkent shahar, Uchtepa tumanida yashovchi fuqaro R.F. bulbul sayroqi qushlarini noqonuniy ovlashga urinayotgan vaqtida ushlandi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi 627-sonli Qonuniga muvofiq, joriy yil 1-martdan 15-avgustga qadar ov mavsumi yopilgan. Bu vaqtda yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash qat'iy taqiqlangan.
Huquqbuzarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 90-moddasi 4-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. To‘plangan hujjatlar tegishli tartibda qaror chiqarish uchun sud organlariga yuborildi.
Ma'lumot uchun, ayni damda respublikamizdagi barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda noqonuniy ovga qarshi nazorat reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

