"Orolqum"ning O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi
2025-04-28 10:00:00 / Yangiliklar

O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi zaif, kamayib borayotgan endemik tur hisoblanadi. O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxati va CITESning II Ilovasiga kiritilgan. Mamlakatimiz hududining barcha tekisliklarida tarqalgan. Tog‘da dengiz sathidan 1300 metr balandlikkacha ko‘tariladi.
Cho‘l toshbaqasi iyun oyida yozgi uyquga ketadi, keyinchalik u qishki uyquga ulanadi. Mart oyida uyg‘onadi va aprel oyidan iyun oyigacha 2-3 marta 2-6 tadan tuxum qo‘yadi. 80-110 kundan so‘ng tuxumdan yorib chiqqan toshbaqachalar qishlash uchun tuproq ostida qoladi. Faqat keyingi yil bahoridagina yer yuzasiga chiqadi. Efemer o'simliklar, ko‘p yillik o‘t va butalar bilan oziqlanadi.
Ma'lumot uchun, "Orolqum" milliy tabiat bog'i 2022-yil 4-martda Qoraqalpog'iston Respublikasi Mo'ynoq tumanida tashkil etilgan. Hududda 25 turdagi hayvonlar uchraydi, shundan 4 turi O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
