Orol muammosini hal qilishda ekologik ta'limni kuchaytirish muhimligi ta'kidlandi
2025-04-21 10:00:00 / Yangiliklar

Konferensiyada bir qator xorijlik mutaxassislar Orol dengizining ekologik vaziyatini yaxshilash borasidagi ma'ruza va tadqiqot ishlarini taqdim etishdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” boʻlimi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Nodira Mustafoyeva Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha harakatlar 2017-yildan sezilarli darajada kuchayganini aytib o‘tdi.
Ta'kidlash joizki, 2017-yilning 19-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Orol dengizi fojiasini xarita yordamida ko‘rsatib berdi va dengizning qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etayotganini ta'kidladi.
Nodira Mustafoyeva, shuningdek, 2018-yilda Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirni ham alohida qayd etdi. Bundan tashqari, boshqa bir qancha tadbirlar, xususan, 2023-yilning 13–17-noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (CRIC 21), 2025-yilning 4–5-aprel kunlari o‘tkazilgan Samarqand Iqlim Forumi va boshqa xalqaro tadbirlarda Orol muammosi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi.
Konferensiyada "Green University"ning ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘qituvchisi hamda ilmiy xodim Anna-Sharlotta Markombe "Atrof-muhitni boshqarish bo‘yicha ta'lim" tadqiqot ishini namoyish qildi. Unda Orol dengizi misolida olib borilgan tadqiqot talabalar uchun atrof-muhitga yetkazilgan zararni amalda qanday hal qilishni tushunishga qanday yordam berishiga e'tibor qaratildi. Natijada talabalar Orol muammosi borasida "zarar yetkazilishining sabablari", "iqtisodiy jihatlar", "atrof-muhitga ta'sir" va "sog'liq bilan bog'liq muammolar" borasidagi mavzularni yaxshi o‘zlashtirgani ma'lum bo'ldi.
Mazkur tadqiqot ishi ekologik muammolarni va ularning sabablarini chuqur o‘rganish, bevosita va bilvosita oqibatlarni aniqlash, ko‘p tomonli yondashuvni qo‘llash, barcha manfaatdor tomonlarni ro‘yxatga kiritish, turli nuqtai nazarlar va manfaatlarni belgilab olish, mavjud an’anaviy va falsafiy fikrlashdan voz kechish, joriy loyihalarni tahlil qilish, kelajak uchun barqaror muhokamani yo‘lga qo‘yish, talabalarning Orol dengizi kelajagi haqida qanday tasavvurda ekanligini aniqlashga imkon beradi.
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda "Green University"da talabalarga aynan xorijlik mutaxassislar tomonidan ham ta'lim berilmoqda va bu yoshlarning ekologiya borasida bilimlari yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiiy fanlar instituti katta ilmiy xodimi Gulara Matekova esa Janubiy Orolboʻyi hududidagi Sudochye koʻli ornitofaunasiga e'tibor qaratdi.
Ma'lumot uchun, Sudochye koʻli noyob qush turlarining koʻpchiligi mavjud boʻlganligi bois 2007-yildayoq Oʻzbekistonning muhim ornitologik hududlari IBA (Uz002) roʻyxatiga kiritilgan. Hudud ornitofaunasida qushlarning 240 turi mavjud boʻlib, ularning 117 turi shu joyda uya quradi. Bu yerda pushti saqoqush, jingalak saqoqush, kichik qoravoy, kichik oq qar-qara, sariq qarqara, qoshiqburun, flamingo, vishildoq oqqush, baqiroq oqqush, chinqiroq gʻoz, qiziltomoq kazarka, marmar churrak, oqkoʻz, oqbosh oʻrdak, suvqiygʻir, oq dumli suvburgut, uzundumli suvburgut, qora tasqara, dasht boʻktargisi, burgut, choʻl jiqtogʻi, qoraboshli baliqchi kabi Oʻzbekiston Qizil kitobi va TMXI Qizil roʻyxatiga kiritilgan noyob va yoʻqolib borayotgan qushlarni uchratish mumkin.
Mutaxassis Sudochye koʻllar tizimi Amudaryo deltasining eng yaxshi holda saqlanib qolgan ekologik zonalardan biri boʻlib, oʻz joylashuv oʻrniga koʻra biologik xilma-xillikni saqlash va qoʻllab-quvvatlashda asosiy oʻrinni egallashini ta'kidladi.






