Qoraqalpog‘istonda ekologik va turizm madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbir boshlandi
2025-04-18 12:00:00 / Yangiliklar

Konferensiya ochilishida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigini vazirlik bo‘lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva o‘qib eshittirdi.
“Soʻnggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan Orolboʻyi hududida bir qancha ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurib qolgan qismida ekotizimni yaxshilash, mavjud bioxilmaxillikni saqlab qolish, ilmiy taqiqotlar va innovatsiyalarning ilgʻor tajribalarini joriy etish, ekologik fojia oqibatlarini yumshatish hamda bartaraf etish uchun tizimli innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bugunning kechiktirib boʻlmas vazifalaridan hisoblanadi. Oʻylaymanki, konferensiya natijalari Orol dengizi muammolari va ularni ilmiy asosda oʻrganish oʻzining ijobiy natijasini berib, kelajak avlod uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻzgarishlar uchun omil boʻladi”, – deyiladi tabrikda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov esa hududda “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
“2018-yilning dekabr oyidan boshlab Orol dengizining suvi qurigan tubida choʻl oʻsimliklari urugʻlari va nihollarini ekish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, oʻtgan 2018–2024-yillarda jami 1,8 mln gektardan ortiq maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan iborat yangi oʻrmonzorlar barpo etildi hamda ushbu ishlarni amalga oshirishda 7 ming tonnadan ortiq choʻl oʻsimliklari urugʻlari ekildi”, — dedi u.
Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev sohaga oid huquqbuzarliklarni bartaraf etish borasida Ekologiya vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
“Daraxtlar kesilishiga eʼlon qilingan moratoriy ijrosini taʼminlashga qaratilgan targʻibot va nazorat tadbirlari natijasida bunday qilmishlar soni 2024-yilda 2022-yilga nisbatan 3 baravarga kamaydi, — dedi Sherzod To‘xtaboyev. — Shuningdek, hayvonot va oʻsimliklar dunyosini muhofaza qilish borasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat tadbirlari keskin kuchaytirilib, natijada brakonyerlik holatlarini aniqlash ikki barobarga oshdi”.
Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyazov konferensiya davomida ekologik muammolarni hal qilishda yoshlar katta kuch ekanligini aytib o‘tdi.
“Biz, shubhasiz, yosh avlodga katta umid bogʻlaymiz. Ular nafaqat bilimli va faol, balki innovatsion yondashuvlarga ega. “Ezgu niyat elchilari” orasidagi yoshlarimiz – mintaqaning ertangi yetakchilari, — dedi u. — Orol fojiasi bugun biz uchun nafaqat imtihon, shu bilan birga birlashish uchun ham imkoniyatdir”.
Konferensiyada mutaxassislar tomonidan Orolboʻyida daraxtzorlarni ko‘paytirish, sho‘rlanishni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish, hudud aholisining turmush tarzini yaxshilash, bu borada ta’limni kuchaytirish va malakali kadrlar tayyorlash, iqlim o‘zgarishi masalalari kabi dolzarb ekologik loyihalarga e’tibor qaratilmoqda.
Ma'lumot uchun, haftalik doirasida ekologik va turizm madaniyatini yanada oshirish maqsadida qator tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, Xo‘jayli tumanida joylashgan qadimiy Mizdaxkon kompleksi, Savitskiy nomidagi davlat sanʼat hamda tarix muzeylari hamda "Qoraqalpoq etno aul" turizm markaziga ekskursiyalar uyushtirildi. Shuningdek, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish aksiyasi, “10 ming qadam” jamoatchilik loyihasi (piyoda yurish marafoni), “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” xalqaro gastronomik festivali, talabalar o‘rtasida badminton sport turi bo‘yicha musobaqa hamda "Open-air" konsert dasturi tashkil etiladi.





