Orolbo‘yi hududini obodonlashtirish maqsadida 3 ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ajratildi
2025-04-12 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tashabbus Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo viloyatida o‘rmon va bog‘ ko‘chatlarini kengaytirish, Orolbo‘yi hududining ekologik barqarorligini mustahkamlash va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Ta’kidlash joizki, jadallashtirilgan sanoatlashtirish, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish va yashil hududlar ulushini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Tabiiy resurslarni barqaror boshqarishning samarali vositalaridan biri bu o'rmonlar barpo etish bo'lib, u tuproqning unumdor qatlamini tiklash va yer degradatsiyasi neytralligi (YDN) maqsadlariga erishishga yordam beradi. O‘zbekistonning ekologik nuqtai nazardan eng zaif mintaqalaridan biri bo‘lgan Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilashda “yashil belbog‘lar”ning yaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu chora-tadbirlar atrof-muhitga antropogen ta'sirlarni bartaraf etish, bioxilma-xillikni saqlash va tabiiy ekotizimlarning barqarorligini ta'minlash imkonini beradi.
“Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzalarida ekologik barqarorlikni va aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsad qilingan. Asosiy e'tibor yer degradatsiyasining oldini olish va muhofaza etiladigan hududlar, asosiy biologik xilma-xillik hududlari va qushlar yo'llari atrofida suv va yerni kompleks boshqarishga qaratilgan.
Orol dengizi havzasi fojiali darajada sayozligiga qaramay, hali ham muhim ekologik ahamiyatga ega. U Yevropa, Osiyo va Afrika oʻrtasida qushlar migratsiyasi uchun muhim rol oʻynaydigan noyob suvli-botqoq yerlar va qirgʻoq ekotizimlarini oʻz ichiga oladi.
3 ming 400 tup mevali daraxt ko‘chatlari bog‘lar va daraxtzorlar maydonini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda viloyat faunasini yanada boyitish imkonini beradi. Bu kelgusida Orolbo‘yida oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikni mustahkamlaydi.
Loyihaning kompleks yondashuvi, davlat va jamoat tuzilmalari, shuningdek, mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurash va mintaqaning tabiiy salohiyatini tiklashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini ta’kidlaydi.

