Toshkentda navbatdagi havo monitoringi avtomatik stansiyalari ishga tushirildi
2025-04-09 17:00:00 / Yangiliklar

Bu “Atmosfera havosining ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi. Natijada shahar atrofida atmosfera havosi sifatini kompleks kuzatishga xizmat qiladigan havo monitoringi stansiyalaridan iborat “halqa” hosil bo‘ldi. Ma’lumotlar kunning qismi, mavsum va meteorologik sharoitga qarab ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasining umumiy holati va tendensiyalarini baholashga imkon beradi.
Shuningdek, “halqa” bo‘ylab monitoring tizimi shaharning qaysi hududlari zararli moddalardan ko‘proq ta’sirlanishi mumkinligini prognoz qilish imkonini yaratadi. Avtomatik stansiyalardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilish shaharsozlik tadbirlarini rejalashtirish, rayonlashtirish va ekologik vaziyatni yaxshilash strategiyasini ishlab chiqish uchun muhim hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, loyiha boshlanganidan buyon O‘zbekistonda 23 ta avtomatik havo monitoringi stansiyalari o‘rnatildi va bu stansiyalar monitoring.meteo.uz milliy platformasining yagona ma’lumotlar bazasiga ulandi.


