"Orolqum" choʻli faunasi: noyob sayg‘oqlar fotoqopqonda
2025-04-09 10:00:00 / Yangiliklar

Sayg‘oq — O‘zbekiston Qizil kitobi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan, yo‘qolib borayotgan noyob hayvon turi hisoblanadi. Saygʻoqlar Ustyurt platosi, Sharqiy va Janubiy Qoraqalpog‘iston, qurib qolgan Orol dengizi tubining choʻl va yarim choʻl hududlarida yashaydi. Ilgari soni ko‘p bo‘lgan va Qizilqum, Sirdaryo daryosi qirgʻoqlarida, jumladan, Farg‘ona vodiysining tekislik qismida ham yashagan. 1990-yildan boshlab uning soni 99,5%ga kamaygan.
Qozog‘istonning shimoliy hududlaridan ko‘chib keladigan hayvonlar soni har yili ob-havo sharoitiga qarab o‘zgaradi. 2016-yilda transchegaraviy Ustyurt populyatsiyasi soni 1900 boshni tashkil etgan. Hozirda esa "Yarim-Orol" va Orol dengizining qurigan hududlari tubida taxminan 200 sayg‘oq qolgan.
Ma’lumot uchun: “Orolqum” Milliy tabiat bog‘i 2022-yil mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida tashkil etilgan. Bu hududda 25 xil hayvon yashaydi, ulardan 4 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Orol hududida eng keng tarqalgan hayvon bu — sayg‘oqdir.


