Samarqandda tabiatga 10 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
2025-03-19 16:00:00 / Yangiliklar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan noqonuniy qum-shag‘al qazib olishga qarshi reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

Samarqandda o‘tkazilgan reyd davomida ham tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgan qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Pastdargʻom tumani hududida bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 03:00 da noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olinayotganligi aniqlandi.
Natijada tabiatga 10 milliard 369 million 513 ming 728 so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona “DOOSAN 210” rusumli ekskavator va 1 ta yuk tashuvchi transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.