Asosiy kontentga o'tish

Ekologik ekspertiza xulosasini olmagan korxona faoliyati to'xtatildi

2025-03-03 15:00:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Xo'jaobod tuman Xidircha MFY sanoat hududida joylashgan "ShANS" mas’uliyati cheklangan jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni ruxsatnomasiga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Tekshirish jarayonida ohak pishirish pechida tabiiy gaz yonishidan hosil bo‘ladigan moddalarni ushlab qoluvchi chang-gaz tozalash uskunasi (filtr) yaxshi ishlamasligi, buning natijasida atmosferaga tashlanayotgan tashlamalar miqdori me’yoridan ortiqcha ekanligi aniqlandi va korxona rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 86-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 (uch) barobari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi. 

Biroq korxona rahbari ushbu choradan keyin ham tegishli xulosa chiqarmadi, ya'ni chang-gaz tozalash uskunalarini yangisi bilan almashtirmadi va aholining noroziligiga sabab bo’ldi. “ShANS” ma’suliyati cheklangan jamiyati yuborilgan talabnomani ham e’tibordan chetda qoldirdi.

O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olmagan korxona va tashkilotlarning faoliyat yuritishlari mumkin emas.

Qonun talablariga bo‘ysunmaganligi, davlat ekologik ekspertizasi ijobiy  xulosasini olmasdan faoliyat yuritib kelayotganligi uchun Xo'jaobod tumanida joylashgan “Shans” MChJ faoliyati Xo'jaobod tumanlararo iqtisodiy sudi qaroriga asosan ekspertizaning ijobiy xulosasini olgunga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.

598

Oxirgi yangilanish: 2025-03-03 18:06:23

Ekologik ekspertiza xulosasini olmagan korxona faoliyati to'xtatildi