Senatda O‘zbekistonning Orxus konvensiyasiga qo‘shilishi haqidagi Qonun ma'qullandi
2025-02-22 17:00:00 / Yangiliklar

Ma'lumot uchun, Orxus konvensiyasi insonning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanadi va u tegishli davlat organlari, fuqarolar va jamoatchilik o‘rtasida ekologik axborotlarni olish va ulardan foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.
Konvensiyadan maqsad ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarni tartibga solish hamda odil sudlovga erishishni taʼminlashdir. Unda davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan keng jamoatchilik so‘roviga binoan havo, atmosfera, suv va tuproq kabi atrof-muhit elementlarining tarkibiy qismlariga doir zarur maʼlumotlarni taqdim etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhit sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib taʼminlashga, xorijiy hamkor davlatlar bilan hamjihatlikda ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirishga, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imiji va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi.