Xalqaro iqlim ta’limi platformasi endi o‘zbek tilida
2025-01-30 13:00:00 / Yangiliklar

28-yanvarda Toshkent shahridagi 9-umumta'lim maktabida platformani ta’lim jarayoniga tatbiq etishga qaratilgan interfaol dars tashkil etildi. Dars davomida o‘quvchilar nafaqat platforma imkoniyatlari bilan tanishishdi, balki veb-saytdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish va yangi ma'lumotlar olishni o‘rganishdi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi haqidagi bilimlarni rivojlantirishga qaratilgan kursga a'zo bo‘lishdi.
Bundan tashqari, dars davomida o‘quvchilar iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdilar, ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etishga e'tibor qaratdilar.
Ma'lumot uchun, “ClimateScience” platformasini mahalliylashtirish haqida 2024-yilning 11-mart kuni Ekologiya vazirligida bo‘lib o‘tgan yoshlarni iqlim masalalari bo‘yicha kun tartibiga jalb qilish strategiyasi taqdimotida ma'lum qilingan. Qolaversa, xalqaro platforma bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan.
Ta'kidlash joizki, platforma rahbari Maykl Beklend, ClimateScience jamoasi, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va ekofaol Sug‘diyona Xushnudbekova ko‘magida O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan iqtidorli yosh ko‘ngilli tarjimonlar va ekofaollar o‘zbekzabon auditoriya uchun materiallarni tarjima qilish va moslashtirish ustida ishladilar. Hozirda ushbu platforma qoraqalpoq tilida ham mavjud.
ClimateScience yoshlarga iqlim o'zgarishi bo'yicha keng ko'lamli mavzularda onlayn kurslar va interaktiv viktorinalar shaklida olimlar tomonidan yaratilgan bepul resurslarni taklif etadi. Talabalar bu orqali tanqidiy fikrlashni rivojlantirib, iqlim muammolari haqidagi bilimlarini mustahkamlaydilar. Bu esa innovatsion ta’lim yondashuvining afzalliklarini amalda his qilish va iqlim jarayonlari haqidagi tushunchalarini kengaytirish imkonini beradi.
O‘z navbatida mazkur platforma o'qituvchilarga tayyor o'quv materiallari, taqdimotlar va topshiriqlarni taqdim etadi. O'qituvchilar, shuningdek, qiziqarli va mazmunli o'quv muhitini yaratishga yordam berib, hisobotlar va loyihalarni tayyorlash uchun tadqiqotga asoslangan maqolalar va manbalardan foydalanishlari mumkin.
ClimateScience platformasi taniqli tashkilotlar, jumladan, Kembrij universiteti, Grantham iqlim o'zgarishi va atrof-muhit instituti, Oksford universiteti, BMTning iqlim bo'yicha global harakati va Dikson jamg'armasi tomonidan qo'llab-quvvatlanadi. Bugungi kunga qadar platformadan butun dunyo bo‘ylab 2,5 milliondan ortiq kishi foydalangan. Endi O‘zbekiston aholisi ham ushbu platformadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi va uning resurslaridan faol foydalana oladi, bu esa iqlim muammolarini o‘rganish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global muloqotda ishtirok etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.





