Biotexnik tadbirlarni amalga oshirish tartibi belgilandi
2025-01-27 12:00:00 / Yangiliklar
Unga ko‘ra, biotexnik tadbirlarni o‘tkazish maqsadi va usullari, rejasini ishlab chiqish, biotexnik tadbirlar o‘tkaziladigan hududlar hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha talablar, tadbirlar yakunlarini monitoring qilish va boshqa masalalar belgilab berildi.
2025-yil 1-aprelga qadar hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha biotexnik tadbirlarni o'tkazish to'g'risidagi ma'lumotlar atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma'lumotlar bazasida yuritilishi ta'minlanadi.
Qarorga ko‘ra, biotexnik tadbirlar quyidagi maqsadlarda o‘tkaziladi:
— yovvoyi hayvonlarning xilma-xil turlarini, tabiiy galalari va to‘dalari bir butunligini ta'minlash;
— yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti va urchish joylarini, ularning ko‘chib o‘tish yo‘llarini saqlab qolish va muhofaza choralarini amalga oshirish;
— ov qilish maqsadida foydalaniladigan yovvoyi hayvonlar soni tabiiy ko‘payishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ov qilish va baliq ovlash joylari mahsuldorligini oshirish;
— yovvoyi hayvon turlarini avvalgi yashash joylariga qaytarish va ularni yarim erkin sharoitlarda ko‘paytirish;
— yovvoyi hayvonlarning noqulay ob-havo sharoitida yashab qolishini ta'minlash;
— yovvoyi hayvonlarning uyalar va inlar qurishiga qulay sharoitlar yaratish;
— ularni yuqumli kasalliklardan asrash bo‘yicha tegishli karantin va veterinariya, davolash-profilaktika tadbirlarini o‘tkazish;
— tabiiy ofatlar oqibatida falokatga uchragan yoki o‘zi uchun notabiiy sharoitga tushib qolgan yovvoyi hayvonlarni qutqarish;
— ekologik va ovchilar turizmini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
Biotexnik tadbirlar quyidagi usullarda o‘tkazilishi belgilandi:
— yovvoyi hayvonlarni qo‘shimcha oziqlantirish uchun ihota va ozuqabop ekinlar, buta va o‘simliklar ekish;
— biotexnik qurilmalar, vaqtincha oziqlantirish punktlari va maydonchalarini qurish;
— tabiiy suv ichiladigan joylarni tiklash;
— ozuqalar zaxiralarini tayyorlash, sun'iy oziqlantirish punktlarini tashkil qilish, ko‘chma oxurlarni yovvoyi hayvonlarning ko‘chib o‘tish yo‘llari va ko‘chib yurish ehtimoli bor joylarga qo‘yib chiqish;
— daraxt, butalar va boshqa o‘simliklarning ko‘chatlarini zich ekib, yovvoyi hayvonlarning himoyalanishi uchun boshpana yaratish imkonini oshirish, ular yashaydigan hududlardagi dov-daraxtlarni qurigan shox-shabbalardan tozalash hamda har 2-3 yilda yoshartirish;
— tabiiy pitomniklar, baliq xo‘jaligi zonalari suv havzalarini suvosti o‘simliklardan tozalash va ovlangan baliqlarning o‘rnini to‘ldirish maqsadida har yili baliq chavoqlari tashlash;
— falokatga uchragan yoki noqulay sharoitlarga tushib qolgan yovvoyi hayvonlarni qutqarish;
— inson uchun xavfli kasalliklar tarqatuvchi bo'lgan, uning xo'jalik faoliyatiga zarar yetkazadigan hamda yovvoyi hayvonlarning tabiiy uyalari va inlarini buzadigan, boshqa hayvonlarning ozuqalarini yeb qo‘yadigan ayrim turdagi yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish;
— yovvoyi hayvonlarni yuqumli kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha tegishli karantin va veterinariya, davolash-profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish hamda biochiqindilarni zararsizlantirish.
Shuningdek, biotexnik tadbirlar hududlarning tabiiy iqlim va ob-havo sharoitlari hamda ayrim yovvoyi hayvonlarning yashah muhitini inobatga olgan holda, boshqa usullar bilan ham o‘tkazilishi mumkin.