Qizilqum qo‘riqxonasining hayvonot dunyosi
2025-01-06 10:40:00 / Yangiliklar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tasarruffidagi Qizilqum davlat qo‘riqxonasida o‘rnatilgan fotoqopqonga Buxoro bug‘usi (xongul), to‘ng‘iz va chiyabo‘ri muhrlandi.
Ma'lumot uchun, Qizilqum davlat qo'riqxonasi 1971-yil 23-iyunda Xorazm va Buxoro viloyatlari hududlarida tashkil etilgan. Hududda 359 tur (37 tur sut emizuvchilar, 266 tur qushlar, 29 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchilar, 25 tur baliqlar) jonivorlar uchraydi. Shundan 50 turi O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Xususan, Buxoro bug‘usi ham yo‘q bo‘lib ketayotgan, lokal tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobidan joy olgan. Shuningdek, Yo'q bo'lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to'g'risidagi Konvensiya (CITES) II Ilovasiga va transchegaraviy ko‘chib yuruvchi tur sifatida Bonn Konvensiyasiga kiritilgan.