Atrof-muhitni muhofaza qilishga jiddiyroq yondashish kerakligi taʼkidlandi
2024-12-14 14:00:00 / Yangiliklar

Ushbu seminar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 18-20-noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida soʻzlagan nutqlari, shuningdek, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va ”yashil iqtisodiyot“ yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtgan seminarda nutq soʻzlagan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Prezident tomonidan 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilinishi barcha darajadagi davlat idoralari rahbarlariga, shu jumladan, hokimlarga ham katta masʼuliyat yuklashini taʼkidlab, nega aynan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi masalalariga juda qattiq eʼtibor qaratilayotganligiga toʻxtaldi.
“Global iqlim oʻzgarishi va antropogen omillar, yaʼni qazib olinadigan energiya resurslarini yoqish, oʻrmon-daraxtlar kesilishi, suvni isrof qilish, qurilish kabi inson faoliyati natijasida ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka salbiy taʼsir qiladigan xavf-xatarlar kuchaymoqda. Bular, birinchi navbatda, aholi salomatligi va farovonligiga, suv va oziq-ovqat xavfsizligiga, energetika, sanoat va shahar infratuzilmasi samarali ishlashiga jiddiy xavf tugʻdiradi, — dedi vazir. — Ayniqsa, Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi eng katta xavf soladigan sohalar – suv va qishloq xoʻjaligi boshqaruvi boʻlib, ular oʻz navbatida iqtisodiy barqarorlikni va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlashda asosiy oʻrin egallaydi”.
A.Abduhakimov, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga koʻra 2030-yilgacha qilinishi kerak boʻlgan vazifalarga ham toʻxtalib oʻtdi.
Maʼlumot uchun, 2030-yilgacha atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish, atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I va II toifaga kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlardagi ifloslantiruvchi texnologiyalarni toʻliq modernizatsiya qilish, har yili 200 million tup daraxt ekib, respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, yerlarni eroziyadan va melioratsiya obyektlarini qum koʻchishidan saqlash uchun 26 200 gektar ihota daraxtzorlarini barpo etish, respublikada oʻrmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga yetkazish, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 100 foizga, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga yetkazish, maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish kabi vazifalar belgilangan.
Qolaversa, Ekologiya vazirligi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va ov xoʻjaligini takomillashtirish, shu bilan birga, “Yashil makon” loyihasi doirasida qator ishlar amalga oshirilishi qayd etildi.
Maʼlumot uchun, kelgusi 5 yilda 450 ta sanoat korxonasida (2020-2024-yillarda 308 ta) chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish va modernizatsiya qilish, 1 mingdan ortiq sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda 10 mln tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish orqali “yashil belbogʻ”lar barpo etish hisobiga atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 6 foizga kamaytiriladi.
Shuningdek, seminarda nutq soʻzlagan Bosh prokuror oʻrinbosari Sh. Toʻxtaboyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi 46-son Farmoni bilan daraxtlar kesilishiga muddatsiz moratoriy eʼlon qilingan boʻlsada, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlari kuzatilayotganini aytib oʻtdi. Bundan tashqari, ayrim hududlarda koʻchat ekish majburiyatlari bajarilmaganligi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ayrim vazirlik va idoralar tomonidan koʻchat ekish borasida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyilganligi yoki ekilgan koʻchatlar parvarish qilinmaganligi va boshqa huquqbuzarlik holatlariga toʻxtalib oʻtildi.
“Maqsadimiz — yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan tegishli xulosalar chiqarib, oʻqish jarayonida orttirilgan tajribadan ekologiya barqarorligini taʼminlashda samarali foydalanishingiz lozim. Umid qilamanki, endilikda soha rivoji, atrof-muhit muhofazasi uchun munosib hissa qoʻshasiz”, — dedi Sh. Toʻxtaboyev.
Seminar davomida rahbarlarga ekologiyani asrash, xususan, “Yashil makon” loyihasiga yanada masʼuliyat bilan yondashishlari, noqonuniy holatlarga yoʻl qoʻymaslik kerakligi taʼkidlanib, bu borada kerakli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.







