Yevropa Ittifoqi elchisi bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
2024-11-29 11:30:00 / Yangiliklar
Uchrashuv avvalida vazir T.Klaarni Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, unga bo‘lajak missiyasida omad tiladi. Shuningdek, A.Abduhakimov Bokuda boʻlib oʻtgan COP29 iqlim konferensiyasidagi ishtirok muvaffaqiyatli kechgani, Oʻzbekiston Milliy pavilyoniga 7000 dan ortiq ishtirokchi tashrif buyurganligini ta'kidladi.
Uchrashuv chogʻida Ekologiya vazirligi va YeI oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qoʻshma loyiha va dasturlarni, jumladan, 2026-yil oxirigacha kimyoviy konvensiyalarga oid loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfli kimyoviy va ishlab chiqarish chiqindilari hamda boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
“Yevropa Ittifoqi Stokgolm, Bazel va Rotterdam konvensiyalarini amalga oshirish uchun 4 million yevrolik texnik yordam ko‘rsatdi. Bu o‘z vaqtida va zaruriy yordam bo‘lib, institutsional salohiyatni oshirishga va GSP+ talablariga javob berishga imkon yaratadi”, — dedi vazir.
Ta'kidlash joizki, YeI donor-mamlakatlari ko‘magida Chorkesar va Yangiobod tumanlaridagi sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilgan, loyihani amalga oshirish uchun YeTTB va Ekologiya vazirligi o‘rtasida 9,0 million dollarlik grant shartnomasi imzolangan.
Uchrashuv davomida Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ekologik islohotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashining tashkil etilishi, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, Orol dengizi tubidagi 2 million gektar hududda o‘rmon barpo etish va boshqa tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida tub o‘zgarishlarga katta hissa qo‘shgan "Erasmus+" kabi Yevropa Ittifoqi bilan turli qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga umid bildirildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida barcha jabhalarda hamkorlik qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.