Asosiy kontentga o'tish

Qoraqalpog‘istonda 3 bosh Buxoro bug‘usi o‘ldirildi

2024-11-26 16:30:00 / Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida 3 bosh Buxoro bug‘usi ovlanganligi ma'lum bo‘ldi. Holat biosfera rezervati xodimlari tomonidan aniqlandi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIB tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish davomida bitta erkak va ikkita urgʻochi bug‘ular ov miltigʻi bilan o‘ldirilganligi ma’lum bo‘ldi. Hodisa joyi koʻzdan kechirilganida rezervatning zaxira yerlaridan 2 ta ov miltigʻi oʻq dorisining plastik boʻlaklari, qonga oʻxshash qizil dogʻlar va ov miltigʻi topildi. Ov miltig‘i ashyoviy dalil sifatida olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘ulari o‘ldirilishi natijasida hayvonot dunyosiga jami 3 mlrd 375 mln soʻmlik moddiy zarar yetkazilgan. 

Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Hozirda Beruniy tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi tekishiruv ishlari olib borilmoqda.

651

Oxirgi yangilanish: 2024-11-27 16:33:37