COP31 doirasida qum va çang böronlariga qarşi kuraşiş böyiça milliy çora-tadbirlar taqdim etildi
2026-11-14 19:00:00 / Yangiliklar

Tadbir BMTning Qum va çang böronlariga qarşi kuraşiş koalitsiyasi faoliyati doirasida taşkil etilib, unda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Jahon meteorologiya taşkiloti (JMT), BMT Atrof-muhit dasturi (YUNEP), Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti (JSST), BMT Oziq-ovqat va qişloq xöjaligi taşkiloti (FAO) hamda boşqa xalqaro tuzilmalar vakillari iştirok etdi.
Ilğor tajribalar va birgalikdagi sa’y-harakatlarni safarbar etişga bağişlangan panel muhokamasida Özbekiston Milliy iqlim özgarişi markazi direktori Farrux Sattorov ma’ruza bilan qatnaşdi. U öz nutqida qum va çang böronlari nafaqat meteorologik hodisa, balki aholi salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikka bevosita ta’sir körsatuvçi jiddiy transçegaraviy ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy tahdid ekanini ta’kidladi.
Orol dengizining qurişi bilan boğliq ekologik oqibatlarga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilişiça, ekotizimlar degradatsiyasi natijasida qariyb 3 million gektar yer foydalanişga yaroqsiz holga kelgan, uşbu hududning 56 foizdan ortiği kuçli şamol eroziyasiga uçramoqda. Özbekistonda yerlarning degradatsiyasi va çöllanişi oqibatida yetkazilayotgan yillik iqtisodiy zarar 830 million dollarga baholanmoqda.
Jahon banki bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar natijalariga köra, şahar hududidan taşqaridan şamol orqali olib kelinadigan çang Toşkent şahridagi PM2.5 zarraçalarining yillik örtaça konsentratsiyasining 36 foizigaça bölgan qismini taşkil etadi. Qurğoqçil yoz oylarida esa uning uluşi 50 foizdan oşadi.
Şu munosabat bilan Prezident Şavkat Mirziyoyev taşabbusi bilan Özbekistonda amalga oşirilayotgan keng kölamli çora-tadbirlar taqdim etildi. Xususan, 2024–2030-yillarga möljallangan Çang böronlariga qarşi kuraşiş milliy dasturi qabul qilingan bölib, unda 2028-yilga qadar kuçli çang böronlarining yuzaga keliş jadalligini 50 foizga kamaytiriş maqsadi belgilangan.
Şu bilan birga, atmosfera havosi sifatini monitoring qiliş böyiça 347 ta avtomatlaştirilgan stansiyadan iborat yagona tarmoqni yaratiş, köp omilli erta ogohlantiriş tizimini rivojlantiriş, degradatsiyaga uçragan yerlarni tiklaş va himoya yaşil belboğlarini barpo etiş işlari olib borilmoqda.
Ma’ruzada mintaqaviy hamkorlikni kengaytiriş va xalqaro iqlim moliyasini jalb etiş zarurligiga ham alohida urğu berildi.
Özbekiston qöşma sa’y-harakatlarni çang böronlarini monitoring qiliş va prognozlaş böyiça mintaqaviy infratuzilmani rivojlantiriş, çang manbalarini sun’iy yöldoş orqali baholaş, degradatsiyaga uçragan landşaftlarni tiklaş, yaylovlar va suv resurslarini barqaror boşqariş, şuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilişga yönaltirişni taklif etdi.
Milliy ekologik dasturlarni xalqaro moliya institutlari, BMT agentliklari va rivojlaniş böyiça hamkorlar iştirokida aniq investitsiya loyihalariga aylantiriş muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlikning istiqbolli mexanizmlari sifatida muhokama qilinayotgan “Yaşil Markaziy Osiyo” jamğarmasi va Markaziy Osiyo iqlim markazini taşkil etiş taşabbuslarining salohiyati ham qayd etildi.
Özbekiston BMTning Qum va çang böronlariga qarşi kuraşiş koalitsiyasi faoliyatida hamda BMT Boş kotibining 2025–2034-yillarga möljallangan Doiraviy dasturini amaliyotga tatbiq etişda faol iştirok etişga tayyorligini tasdiqladi.
Xalqaro sa’y-harakatlar samaradorligi, eng avvalo, yerlar holatining yaxşilanişi, atmosfera havosi sifatining oşişi, prognozlaş tizimlarining takomillaşuvi hamda aholining iqlim va ekologik xatarlarga nisbatan barqarorligi mustahkamlanişi kabi aniq natijalar bilan baholanişi lozimligi ta’kidlandi.



