COP16: dunyo davlatlari qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurash uchun yana bir bor birlashadi
2024-10-09 17:10:00 / Yangiliklar
2024-yilning 2-dekabridan 13-dekabriga qadar Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) taraflari konferensiyasining 16-sessiyasi (COP16) bo‘lib o‘tadi. Unda butun dunyo e’tibori qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashga qaratiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2023-yilning 13-17-noyabr kunlari BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi (CRIC-21)ga mezbonlik qildi. Unda yerni barqaror boshqarish, qurgʻoqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xoʻjaligida ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlar koʻrib chiqildi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida o’tkaziladigan COP16da Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan Chang va qum boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini koʻrib chiqish taklif qilindi.
COP16 “Bizning diyorimiz. Bizning kelajagimiz” shiori ostida 197 tomon (196 mamlakat va Yevropa Ittifoqi) ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradi.
COP16 davomida quyidagi masalalar ko‘zda tutilgan qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda:
— 2030-yilgacha va undan keyingi yillarda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashni jadallashtirish;
— o'sib borayotgan qurg'oqchilik va qum-chang bo'ronlariga qarshilikni kuchaytirish;
— yerlarni qayta tiklash va tabiiy oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko'paytirish;
— yerga bo'lgan huquqlarni ta'minlash va barqaror boshqarish uchun tenglikni ta'minlash;
— yangi iqtisodiy imkoniyatlarni, jumladan, yer boshqaruvida yoshlar uchun munosib ish o'rinlarini yaratish.
Tadbir davomida yetakchi davlatlar sammiti o‘tkaziladi, unda davlat rahbarlari, tadbirkorlar va jahon yetakchilari global va mintaqaviy darajada choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi va qurgʻoqchilik muammolariga yechim izlashadi. Shuningdek, turli taqdimotlar, ma’ruzalar, ekologik muammolarga qarshi kurashda yoshlarning o‘rni, gender masalalariga ham e’tibor qaratiladi.
Ma'lumot uchun, hozirgi vaqtda dunyoning 40 foizga yaqin yeri degradatsiyaga uchragan, bu 3,2 milliard insonga bevosita ta'sir ko'rsatmoqda. Qurg'oqchilik darajasi 2000-yildan buyon 29 foizga oshdi va 2050-yilga kelib dunyo aholisining 4/3 qismi qurg'oqchilikka duchor bo'lishi mumkin. Bundan tashqari, har yili kamida 100 million gektar sog'lom, unumdor yerlar yo‘qotilmoqda. Qurg'oqchilikdan aziyat chekayotganlarning 85 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi.
Agar vaziyat shunday davom etsa, 2030-yilgacha yer degradatsiyasidan xoli dunyoga erishish uchun 1,5 milliard gektar yerni qayta tiklash kerak bo'ladi.
1 000 000 000 (bir milliard) yoshlar yer va tabiiy resurslarga bog'liq bo'lgan rivojlanayotgan hududlarda yashaydi. Bu esa yerni qayta tiklash bo'yicha global majburiyatlarni bajarish uchun esa yoshlarni jalb qilish lozimligini anglatadi.