Kuzda havo ifloslanişining sabablari va körilayotgan çoralar — brifing
2026-10-21 21:00:00 / Yangiliklar
Kuzda havo ifloslanişiga bir qança omillar sabab böladi. Xususan, meteorologik şaroit, ya’ni kuzda kun qisqarib, yer yuzasi keçasi tez soviydi va yer usti inversiyasi hosil böladi: iliq havo qatlami sovuq havoni yerga «qopqoq» kabi bosib turadi. Aralaşiş qatlamining balandligi yozdagi 2–3 km dan bir neça yuz metrgaça pasayadi, şamol susayadi, natijada taşlamalar va çiqindilar şahar ustida töplanadi. Sibir antisikloni çekkasidagi turğun bosim maydonlari bu holatni bir neça kunga çözadi.
Tabiiy çang. Ma’lumki, Markaziy Osiyo «yirik çang belboği»da joylaşgan: Kaspiyböyi çöllari, Qizilqum, Orolqum va Janubiy Balxaş çöllaridan kötarilgan çang butun mintaqaga tarqaladi. Odatda, sentabr–oktabr oylari nisbatan quruq ötadi, yoğingarçilik kam bölgani sababli tuproq çangi havoga oson kötariladi.
Yoniş jarayonlari. Jahon banki va Ekologiya qömitasi tadqiqotiga köra, Toşkentda PM2.5 ning yillik manbalari: şamol olib keladigan çang — 36%, binolarni isitiş — 28%, transport — 16%, sanoat — 13%, qolgan qismi şahar çangi va çiqindilarni yoqiş hissasiga töğri keladi. Bu raqamlar mavsumlarga qarab özgaradi. Jahon bankining "Markaziy Osiyoda havo sifatini boşqariş" (2025) hisobotiga köra, Markaziy Osiyo şaharlarida tuproq va çöl çangi PM2.5 ta’sirining yillik hisobda 20–50% ini taşkil etadi, bu dunyoning boşqa mintaqalariga nisbatan ança yuqori.
Turkmanistonda tabiiy çang PM2.5 ta’sirining 80% dan ortiğini beradi; Turkmanistonning ğarbiy qismida (Kaspiyböyi) va Qozoğistonning markazida tabiiy çang PM2.5 ning asosiy manbai hisoblanadi. Demak, Kaspiy dengizi atrofidagi va butun Markaziy Osiyo şaharlarida havo ifloslanişining asosiy uluşi tabiiy çang hisobiga töğri keladi. Toşkentda ham tabiiy çang eng katta yagona manba bölib, kuzda u isitiş mavsumidagi yoniş jarayonlari bilan birgalikda ta’sir körsatadi.
Maxsus laboratoriyada Toşkent şahrining Yunusobod (Green University), Olmazor (TDTU hududi) va Mirzo Uluğbek (TIQXMMI hududi) tumanlarida yiğilgan PM2.5 namunalarining kimyoviy tarkibi asosida ifloslantiruvçi manbalar uluşi aniqlandi. Oktabr boşida (28-sentabr – 6-oktabr) tabiiy çang bilan boğliq komponentlar asosiy uluşni taşkil etgan: 52–78%, örtaça 64%. 13–14-oktabrda esa çang uluşi 47–52% ga teng bölgan.
2026-yilda havo sifati 2025-yilga nisbatan sezilarli yaxşilandi. Toşkent şahridagi avtomatik stansiyalar ma’lumotlariga köra, 2026-yil 1-yanvardan 19-oktabrgaça PM2.5 ning örtaça miqdori ötgan yilning şu davriga nisbatan 28% ga, PM10 esa 32% ga kamaydi. Kuzgi mavsumda farq yanada katta: 1-sentabr – 19-oktabr davrida PM2.5 28% ga, PM10 37% ga, oktabrning birinçi 19 kunida esa mos ravişda 40% va 56% ga kam qayd etildi. Ötgan yili şu davrda 11 kun AQI böyiça «Zararli» darajada bölgan bölsa, bu yil bunday kun bölmadi. PM2.5 böyiça «Örtaça» va undan yaxşi kunlar soni 21 tadan 38 taga oşdi.
Ta’kidlaş joizki, atmosfera havosi sifatini yaxşilaşga doir qator çora-tadbirlar amalga oşirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 24-noyabrdagi PF-229-son Farmoni bilan Maxsus komissiya tuzildi. Yirik quriliş maydonlari tekşirildi, ularda suv purkagiçlar, ğildirak yuviş moslamalari va havo monitoringi stansiyalari majburiy qilindi. Şuningdek, Prezidentimizning ilğor "yaşil" texnologiyalar asosida issiqxona xöjaliklarini rivojlantirişga qaratilgan PQ-371-son qarori qabul qilindi. "Air Monitoring Uzbekistan" tarmoği va yuqori ifloslaniş haqida erta ogohlantiriş tizimi yaratildi. 2026–2030-yillarga möljallangan "Toza havo" umummilliy loyihasi doirasida atmosferaga taşlamalarni 10,5% ga, transport çiqindilarini 10% ga kamaytiriş, Toşkentda PM2.5 me’yoridan oşgan kunlar sonini 2030-yilgaça 35% ga qisqartiriş vazifalari belgilandi.
Qisqa muddatli prognozga köra, Toşkent şahrida 21–22-oktabr kunlari PM2.5 ning sutkalik örtaça miqdori 37 mkg/m³ böladi. Ötgan yili aynan şu kunlarda 91 va 77 mkg/m³ kuzatilgan edi, ya’ni ifloslaniş taxminan 2 baravar past bölişi kutilmoqda. Keçki va tungi soatlarda qisqa muddatli kötarilişlar saqlanadi.
Mavsumiy prognozga köra, 2026–2027-yillarning kuz-qiş mavsumi davomida havo sifati ötgan mavsumga nisbatan yaxşiroq bölişi kutilmoqda. Bunga yil boşidan buyon PM2.5 ning 28 foizga, PM10 ning 32 foizga barqaror pasayişi va oktabrda farqning yanada ortgani, asosiy çora-tadbirlar (filtrlar, issiqxonalar) böyiça işlar 1-dekabrgaça, ya’ni isitiş mavsumining eng oğir davridan oldin yakunlanişi va Tinç okeanida kuçli El-Ninyo rivojlanayotganligi sabab böladi. Bunday yillarda Markaziy Osiyoda sovuq mavsumda yoğingarçilik köp böladi, bu esa zarraçalarni havodan yuvib, turğun holatlarni qisqartiradi. Kuçli inversiya kunlarida qisqa muddatli epizodlar bölişi mumkin, şu sababli prognoz har kuni yangilanib boriladi.
