COP31: O‘zbekiston qanday masalalarga e'tibor qaratadi?
2026-10-19 11:10:00 / Yangiliklar
Xususan, kun tartibida yangilangan Milliy miqyosda belgilanadigan hissa (NDC 3.0) muhim o‘rin egallaydi. Unga muvofiq, O‘zbekiston 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yilga nisbatan 50 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.
COP31 doirasida ushbu maqsadga erishish bo‘yicha milliy yondashuvlar taqdim etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, "yashil" energetikani rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda iqtisodiyot tarmoqlarining iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistonning COP31 doirasidagi asosiy tadbirlaridan biri iqlim migratsiyasi va xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlanadi. O‘zbekiston milliy pavilyonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yuqori darajadagi tadbirda iqlim o‘zgarishining migratsiya jarayonlariga ta’siri, aholining zaif qatlamlarini himoya qilish va hududlarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish masalalari muhokama qilinadi. Tadbirning muhim natijalaridan biri Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarining iqlim migratsiyasi bo‘yicha deklaratsiyasi (“Silk Road Declaration”)ni qabul qilishdan iborat.
Shuningdek, O‘zbekiston “Yashil makon” umummilliy loyihasi, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish, cho‘llanishga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni saqlash va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini ham xalqaro maydonda ilgari suradi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda milliy pavilyon dasturi va xalqaro uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘zbekistonning konferensiyadagi ishtiroki iqlimni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston COP31da milliy pavilyonini taqdim etadi. Unda mamlakatning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish borasida amalga oshirayotgan ishlari hamda istiqboldagi loyihalari xalqaro hamjamiyatga taqdim etiladi. Milliy pavilyon O‘zbekistonning erishgan natijalarini namoyish etish bilan birga, yangi xalqaro hamkorlar va moliyaviy resurslarni jalb etish maydoniga ham aylanadi.
