Atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda
2026-10-19 10:40:00 / Yangiliklar
Havo sifati o‘zgarishiga haroratning 9,8 °C gacha pasayishi, 0,3–1,7 m/s tezlikdagi kuchsiz shamol va kuchli harorat inversiyasi sharoit yaratdi. Inversiya ertalab kuchayib, havoning yuqori qatlamlari yer yuzasiga yaqin qatlamga nisbatan 7,4 °C iliqroq bo‘ldi. Bu holat havo almashinuvini cheklab, ifloslantiruvchi moddalarning quyi qatlamda to‘planishiga olib keldi.
Tun davomida ifloslanish asta-sekin kamaydi. 19-oktabr ertalabki kuzatuvlarga ko‘ra, shahar bo‘yicha xalqaro AQI ko‘rsatkichi 123 ni tashkil etib, “sezgir guruhlar uchun noqulay” darajada bo‘ldi. Milliy indeks bo‘yicha havo sifati “sariq” darajada qayd etildi.
Prognozlarga ko‘ra, bugun kunduz va kechqurun havo sifati xalqaro AQI bo‘yicha “sezgir guruhlar uchun noqulay” darajada bo'lishi kutilmoqda. Milliy indeks bo‘yicha kunduzgi havo sifati “sariq” darajada bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
