Hayvonlarni noqonuniy ovlaganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
2026-10-16 18:30:00 / Yangiliklar
Reyd davomida oq rangli “Niva Legend” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida ustki yukxonasida 8 ta qopda 1 dona ayiq va 3 dona yovvoyi cho‘chqaning tana bo‘laklari topilgan. Shuningdek, avtomashinada 3 dona soyli stvolli ov quroli, MS-2112 rusumli silliq stvolli ov miltig‘i, Monza rusumli o‘qlangan, o‘qdonida 7,62 kalibrli 4 dona o‘q bo‘lgan soyli stvolli ov quroli, 43 dona 7,62 kalibrli jangovar o‘q-dori, 56 dona mayda sochmali o‘q, 13 dona yakka jangovar o‘q, 2 dona binokl, 2 dona ovoz pasaytiruvchi moslama (glushitel), pichoqlar, fonarlar, bolta va boshqa buyumlar aniqlangan.
Reyd davomida huquqbuzarlar tomonidan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hududida Qizil kitobga kiritilgan 1 dona Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va 3 dona yovvoyi to’ng’iz noqonuniy ovlanganligi ma’lum bo’ldi. Natijada hayvonot dunyosiga 679 mln 800 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan ov qurollari, o‘q-dorilar, ruxsatnomalar va ovchilik guvohnomalari vaqtincha saqlash uchun Samarqand viloyati IIBga topshirildi, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirildi. Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
