16-oktabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida noqulay meteorologik sharoitlar ta’sirida havo sifati yomonlashdi
2026-10-16 10:50:00 / Yangiliklar
Tunda havo harorati 11,8 °C gacha pasaydi, shamol tezligi esa 0,7–1,5 m/s atrofida bo‘ldi. Shu bilan birga, kuchli harorat inversiyasi kuzatilib, uning qiymati tongga yaqin 7,0 °C gacha yetdi. Kuchsiz shamol va inversiya yer yuzasiga yaqin qatlamda havo almashinuvini susaytirib, PM2.5 va PM10 zarrachalarining to‘planishiga sabab bo‘ldi. Natijada havo sifatida tungi va erta tonggi soatlarda ifloslanish kuzatildi.
Prognozlarga ko‘ra, 16-oktabr kunduzgi muddatlarda Toshkent shahrida havo sifati Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha asosan “o‘rtacha” darajada bo‘lishi kutilmoqda, kechga yaqin ayrim hududlarda esa qisqa muddatga “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” darajaga yetishi mumkin. Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha havo sifati asosan “yashil”, ayrim hududlarda esa “sariq” darajagacha bo‘lishi kutilmoqda.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.
