O‘zbekiston COP31 doirasida iqlim sohasiga moliyalashtirishni jalb qilish bo‘yicha besh pilot mamlakatdan biriga aylandi
2026-10-15 10:50:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston bilan bir qatorda Efiopiya, Fiji, Indoneziya va Pokiston dastlabki ishtirokchi mamlakatlar guruhidan joy oldi.
"Climate Implementation Bridge (BRIDGE)" tashabbusining asosiy maqsadi mamlakatlarga iqlim rejalaridan aniq amaliy choralar va investitsiya loyihalariga o‘tishda yordam berishdan iborat. Tashabbus ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, loyihalarni tayyorlash hamda xalqaro moliyalashtirish imkoniyatlarini topish bo‘yicha ekspert ko‘magini nazarda tutadi.
O‘zbekiston uchun BRIDGE tashabbusida ishtirok etish yangi milliy iqlim maqsadlarini amalga oshirish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega. Yangilangan Milliy darajada belgilanadigan hissa (MDBH 3.0)ga muvofiq, mamlakat 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yilga nisbatan 50 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.
Tashabbus doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
2026-yil 8-oktabr kuni Iqlim o‘zgarishi milliy markazi Turkiya tomoni vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonning mazkur tashabbusdagi ishtiroki bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. Birinchi bosqichda xalqaro ekspertlar milliy mutaxassislar bilan birgalikda amaldagi iqlim dasturlarini tahlil qiladi hamda amalga oshirish va investitsiya jalb qilish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlarni belgilaydi. Ushbu ishlar natijasida mamlakatning iqlim sohasidagi ustuvor vazifalarini aniq loyihalar va xalqaro ko‘mak imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiluvchi yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
BRIDGE tashabbusida ishtirok etish O‘zbekiston uchun xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar jalb qilish va barqaror, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, tashabbus 2026-yil noyabr oyida Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (COP31) arafasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
