Daraxtlarni qanday to‘g‘ri sug‘orish kerak?
2026-10-13 10:15:00 / Yangiliklar
Sug‘orish vaqtida suv daraxt tanasining tagiga emas, balki ildizlar joylashgan atrofdagi tuproqqa bir tekis taqsimlanishi kerak. Chunki daraxtning suv va oziq moddalarni o‘zlashtiruvchi ildizlari, asosan, tanadan chetroqda joylashadi. Suvni kam-kam, lekin tez-tez berish o‘rniga, tuproq va daraxt turiga mos ravishda me’yorida hamda yetarlicha chuqur sug‘orish maqsadga muvofiq. Bu ildizlarning tuproqning chuqur qatlamlariga qadar yetib borishiga yordam beradi.
Sug‘orish davriyligi ob-havo, tuproq namligi, daraxtning yoshi va turiga qarab belgilanadi. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida yosh ko‘chatlar muntazam nazorat va ko‘proq e’tibor talab qiladi. Sug‘orishni ertalab yoki kechqurun, quyosh faolligi pasaygan vaqtda amalga oshirish suvning bug‘lanib ketishini kamaytiradi. Shu bilan birga, ortiqcha sug‘orishdan ham saqlanish lozim, chunki tuproqda suvning to‘planib qolishi ildizlarning kislorod bilan ta’minlanishini yomonlashtirishi mumkin. Daraxt atrofidagi tuproqni yumshatish va mulchalash namlikni uzoqroq saqlashga yordam beradi.
To‘g‘ri sug‘orish — ekilgan har bir ko‘chatning tutib ketishi va yashil hududlarning barqaror rivojlanishi uchun muhim shartdir.
