Toshkentda havo sifatida qisqa muddatli o‘zgarish kuzatiladi
2026-10-09 18:00:00 / Yangiliklar
Global ob-havo modellari va O‘zgidromet prognozlariga ko‘ra, tunda havo harorati 14 °C gacha pasayishi, shamol tezligi esa 0–2 m/s atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunday sharoitda yer yuzasiga yaqin havo qatlamining tez sovishi va uning ustidagi havoning nisbatan iliq bo‘lib qolishi natijasida harorat inversiyasi yuzaga kelishi mumkin. Kuchsiz shamol va inversiya atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini cheklaydi. Natijada havodagi PM2.5 va PM10 mayda zarrachalari yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planib, ularning miqdori tungi va tonggi soatlarda vaqtincha ortishi mumkin.
Kunduzi esa yer yuzasi isib, inversiya zaiflashishi va vertikal aralashuv kuchayishi bilan havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Shu sababli kechki vaqtlarda ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik tavsiya qilinadi.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.
