Toshkent viloyatida 600 tupga yaqin daraxt noqonuniy qo‘porib tashlandi
2026-10-08 10:00:00 / Yangiliklar

Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi va Bo‘stonliq tuman bo‘limi Ekopolitsiya xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, voqea joyida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida "G‘azalkent" MFY hududda “Y.D.” MChJ tomonidan 2 gektar yer maydonida jami 586 tup (shundan qimmatbaho 9 tup do‘lana, 3 tup archa, kam qimmatli 3 tup tog‘ olchasi, 571 tup uchqat) daraxt noqonuniy ravishda ildiz qismi bilan qo‘porib tashlanganligi aniqlandi.
Ta'kidlash joizki, holat yuzasidan tadbirkorga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo tadbirkor qonuniy talabga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatishga uringan.
Ayni damda Ekopolitsiya tomonidan huquqbuzarlikka chek qo‘yildi. Maxsus texnikalar yordamida tuproq ostida qolgan daraxtlar chiqarib olinib, tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi. Unga ko‘ra, qonunbuzarlik natijasida jami 1 milliard 705 million 660 ming so‘m zarar yetkazilganligi hisoblandi.
Holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.




