Qoraqalpog‘istonda “One Health” yondashuvi doirasida “zoonoz” kasalliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi
2026-10-07 17:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda davlat organlari, ilmiy va texnik tashkilotlar, mahalliy hokimiyat organlari hamda boshqa manfaatdor tomonlar vakillari ishtirok etdi. Seminar Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda yovvoyi tabiat va insonning tabiiy ekotizimlar bilan o‘zaro aloqasi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zoonoz kasalliklarning paydo bo‘lishi va tarqalishi bilan bog‘liq xavflarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida mutaxassislar yovvoyi tabiat, qishloq xo‘jaligi hayvonlari, inson va atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni, shuningdek, yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishiga ta’sir qiluvchi omillarni muhokama qildilar.
Ishtirokchilar Qoraqalpog‘istondagi mavjud xavflarni, kasalliklarning ehtimoliy yuqish yo‘llarini, asosiy xavf omillarini, institutsional xususiyatlarni hamda mavjud ma’lumotlardagi bo‘shliqlarni birgalikda tahlil qildilar. Xususan, xavflarning dastlabki bosqichlarda oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish mumkinligiga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarning muhim natijalaridan biri muammolar va o‘zaro bog‘liqliklarning dastlabki tizimli xaritasini shakllantirish bo‘ldi. Amaliy va guruh muhokamalari davomida ishtirokchilar xavflarning ehtimoliy tub sabablari, mavjud to‘siqlar hamda profilaktik choralarni qo‘llash mumkin bo‘lgan nuqtalarni aniqladilar.
“Zoonoz kasalliklarning oldini olish turli sohalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlikni, shuningdek, insonlar, hayvonlar va atrof-muhit o‘rtasidagi bog‘liqliklarni yanada chuqurroq anglashni talab qiladi. Ushbu seminar milliy va mahalliy ekspertlarni birlashtirgan muhim maydonga aylandi. Bu esa Qoraqalpog‘istondagi mavjud xavflarni yaxshiroq tushunish va ularning oldini olish bo‘yicha amaliy imkoniyatlarni aniqlashga xizmat qiladi”, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi Leyli Seitova.
Muhokamalar yakunida keyinchalik chuqurroq o‘rganilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar va sa’y-harakatlarni jamlash nuqtalari dastlabki tarzda belgilab olindi. Shuningdek, qo‘shimcha tahlil va ma’lumotlar yig‘ishni talab qiladigan masalalar ham aniqlandi.
“Ushbu seminar zoonoz xavflarni tushunishdan profilaktik choralar aniq natija berishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni belgilashga o‘tish yo‘lidagi muhim birinchi qadamdir. Turli sohalardagi mutaxassislarning bilim va tajribalarini birlashtirish orqali biz mavjud tizim haqida yanada yaxlit tasavvurga ega bo‘lishimiz hamda olingan ma’lumotlardan O‘zbekistonda N4H tashabbusining keyingi bosqichlarida foydalanishimiz mumkin”, — dedi IUCNning Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari Dmitriy Gorshkov.
Seminar davomida amalga oshirilgan ishlar manfaatdor tomonlar bilan keyingi maslahatlashuvlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Olingan natijalar yakuniy kirish hisoboti va tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha loyiha hujjatini tayyorlashda inobatga olinadi.
Ma’lumot uchun: Nukusdagi seminar mamlakatda N4H tashabbusining kirish bosqichi doirasida rejalashtirilgan uchta tadbirning birinchisi hisoblanadi. “Nature for Health” – atrof-muhit va ijtimoiy-ekologik omillarning salomatlikka ta’sirini o‘rganish va ushbu omillarni bartaraf etish orqali sog‘liq uchun xavflarni kamaytirishga qaratilgan global tashabbusdir. Tashabbus inson, hayvonlar va ekotizimlar salomatligi masalalarini birlashtiruvchi “One Health” yondashuvining ekologik va profilaktik yo‘nalishini rivojlantiradi.
N4H Germaniya Federal Atrof-muhit, Tabiatni muhofaza qilish, Yadro xavfsizligi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi (BMUV) tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Yagona Salomatlik, atrof-muhit, biologik xilma-xillik, hayvonlar va inson salomatligi sohalarida ekspertizaga ega xalqaro tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilmoqda.









