Toshkentda 7-oktabr kuni havo sifati "o‘rtacha" darajada qayd etildi
2026-10-07 11:00:00 / Yangiliklar

6-oktabr soat 17:00 dan 7-oktabr soat 10:00 gacha mavjud kuzatuvlar asosida shahar bo‘yicha PM2,5 mayda zarrachalarining o‘rtacha miqdori 43,5 mkg/m³, PM10 zarrachalarining o‘rtacha miqdori esa 97,2 mkg/m³ ni tashkil etdi. Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha davrning o‘rtacha ko‘rsatkichi 117 bo‘lib, "sezgir guruhlar uchun noqulay" darajaga mos keldi. Milliy indeksatsiya bo‘yicha PM2,5 ning o‘rtacha miqdori "yashil", PM10 esa «sariq» darajada qayd etildi. 7-oktabr soat 10:00 da PM10 bo‘yicha shahar o‘rtacha ko‘rsatkichi "zarg‘aldoq" darajaga ko‘tarildi.
Havo sifati yomonlashishiga ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini cheklagan noqulay meteorologik sharoitlar ta’sir qilgan. Shamol tezligining 1 m/s atrofida bo‘lishi va tungi kuchli harorat inversiyasi havoning almashinuvi hamda vertikal aralashishini susaytirgan.
Vertikal kuzatuvlarga ko‘ra, 6-oktabr soat 23:00 dan 7-oktabr soat 08:00 gacha harorat inversiyasi kuzatilib, inversiya qatlamidagi harorat farqi 1,8–6,7 °C (kuchli inversiya) ni tashkil etgan. Bunday holatda yerga yaqin sovuq havo ustida nisbatan iliq havo qatlami joylashib, ifloslantiruvchi moddalarning yuqoriga tarqalishini cheklaydi.
Bu kabi holat hafta oxirigacha tunggi va ertalabki muddatlarda qisqa muddatli kuzatilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining «Atmosfera havosi sifati ko‘rsatkichlarini milliy indeksatsiyasini tatbiq qilish va aholi salomatligiga ifloslangan havo ta’sirini kamaytirish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni joriy etish tartibi to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori asosida O‘zbekistonda PM2,5 va PM10 zarrachalari bo‘yicha havo sifatini baholashning milliy indeksatsiya tizimi ishlab chiqilgan.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.
